Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chempionlarga berilgan Prezident sovg‘asi uchun hech kim pul so‘ramagan!
19:53 / 2018-02-23

“Ozodlik” esa “Chempionlarga prezident bergan "Malibu" sovg‘asi kemtik bo‘lib qoldimi? Nega prezident sovg‘asi uchun futbolistlardan pul so‘ralmoqda?” sarlavhali maqolani e’lon qildi.

Joriy yilning 9-27-yanvar kunlari Xitoyda 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi oltin medalni qo‘lga kiritganidan va ularning bu ulkan g‘alabasi Prezidentimiz tomonidan munosib baholanib, terma jamoa murabbiylari va futbolchilarga Prezidentimiz sovg‘asi – "Malibu" avtomobillari topshirilganidan xabaringiz bor.

“Ozodlik” esa “Chempionlarga prezident bergan "Malibu" sovg‘asi kemtik bo‘lib qoldimi? Nega prezident sovg‘asi uchun futbolistlardan pul so‘ralmoqda?” sarlavhali maqolani e’lon qildi.

Biz bu masalaga oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bosh kotibi Sardor Rahmatullayev va terma jamoa bosh murabbiyi Ravshan Haydarov bilan bog‘landik.

Sardor Rahmatullayev:


– Bu noto‘g‘ri va bo‘lmagan gap. Prezident sovg‘asi – bu terma jamoamizning g‘alabasiga e’tiborining yaqqol ifodasidir. “Ozodlik”ning maqolasidagi barcha gaplar etikaga to‘g‘ri kelmaydigan yolg‘on va g‘iybat. Hech kim na terma jamoa a’zolaridan, na futbolchilardan Prezident sovg‘asi uchun pul talab qilmagan va talab qilmaydi ham. Ular hamma to‘lovlardan, hatto, ma’lum miqdorda to‘lanadigan soliqlardan ham ozod etilgan. Avtomobillarning rasmiylashtirilmaganiga kelsak, bu ish jarayoni bilan bog‘liq masala. Ayni paytda ushbu jarayon o‘z nihoyasiga yetdi va terma jamoa murabbiylari va futbolchilar ertaga sertifikatlarni olishadi.

Ravshan Haydarov:

– Bu gapni eshitib, juda kayfiyatim buzildi, jahlim chiqdi. Hammasi g‘irt tuhmat, g‘alamis kimsalarning uydirmasi. Menimcha mamlakatimizdagi islohotlarni va yutuqlarni ko‘ra olmaydigan kimsalar tomonidan o‘ylab topilgan. Pul to‘lash, ayniqsa, 10 ming dollar to‘lashimiz kerakligi haqida hech qanday gap so‘z yo‘q. Aksincha, davlatimiz va assotsiatsiya rahbariyati bizni doim qo‘llab-quvvatlab, barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratib kelmoqda. Hammaning mashinasi o‘zida. Futbolchilarimiz ota-onasiga sovg‘a qilishdi. Murabbiylarimiz ham, futbolchilarimiz ham bu haqda o‘ylayotgani yo‘q. Asosiy e’tiborimizni Indoneziyada bo‘lib o‘tadigan Osiyo o‘yinlariga qaratganmiz. Mart oyi oxirlarida yana mashg‘ulotlar, o‘rtoqlik o‘yinlarini o‘tkazishni rejalashtiryapmiz. Maqsadimiz esa yanada ulkan g‘alabalarga erishib, Prezidentimizning, xalqimizning ishonchini oqlashdir.

Yuqoridagi fikrlardan ma’lum bo‘lmoqda-ki, “Ozodlik”ning navbatdagi “maqola”si ham uydirma va yolg‘on bo‘lib chiqdi.