O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filialida “Yoshlarga oid davlat siyosati asosida 2024 – 2025 o‘quv yilida amalga oshirilgan ishlar va talaba-yoshlarga yaratilgan imkoniyatlar” mavzusida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda filial direktori, professor Bayrambay Yerimbetov oliy ta’lim muassasasining tashkil etilish tarixi va bugungi kundagi hayoti, talabalarning xalqaro musobaqalarda qo‘lga kiritayotgan yutuqlari, kelgusidagi rejalar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.
– Ushbu oliy ta’lim muassasasi Qoraqalpog‘iston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etadigan yoshlarni tayyorlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 13 noyabrdagi “O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Nukus filialini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil etildi.
Filial ochilgan yili faqat kunduzgi bo‘limga yetti mutaxassislik bo‘yicha 50 nafar talaba qabul qilingan. Ayni paytda esa, kunduzgi, sirtqi ta’lim yo‘nalishlarida 30 ta mutaxassislik bo‘yicha jami 1 ming 240 nafar talaba tahsil olmoqda. Bu, albatta, o‘quv dargohiga qiziqish ortib borayotganidan darak beradi.
[gallery-23521]
2025 yilning aprel oyigacha filialda ta’lim olib, shartnoma asosida ijara uylarda yashayotgan 60 nafar talaba-yoshdan moddiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ariza kelib tushgan va ularning 59 nafariga ijara puli to‘lab berildi. Shu bilan birga, filialda talaba-yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida, yoshlar bilan ishlash ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi hamda filial profilaktika inspektori bilan hamkorlikda suhbatlar o‘tkazildi.
Filialda tahsil olib, yaxshi natijalarga erishgan bitiruvchilardan Zaynab Dayibekova va Shahzoda Ibragimovaning Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgani, Zaynab Dayibekovaning O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining bayroqdori bo‘lgani jamoa uchun katta faxr. Shuni ham alohida ta’kidlash joiz, Orolbo‘yining chekka hududlarida badiiy gimnastika sportini yanada rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filiali tashabbusi bilan Nukus tumanidagi 19-sonli umumta’lim maktabida “Shahzoda Ibragimova sport mahorati to‘garagi” tashkil etildi.
2024 – 2025 o‘quv yili filialda ta’lim olayotgan talaba-yoshlardan 26 nafari O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarkibiga a’zo bo‘lgan. 3 nafar talaba xalqaro darajadagi sport ustasi, 27 nafar talaba O‘zbekiston sport ustasi, 158 nafari sport ustaligiga nomzoddir.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024 – 2025 o‘quv yili uchun respublika oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat bosqichi talabalariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomdor davlat stipendiyalarini tayinlash to‘g‘risidagi buyrug‘i bilan filialdan 6 nafar talaba O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Alisher Navoiy, Islom Karimov, Ibroyim Yusupov, To‘lepbergen Qayipbergenov va Pahlavon Mahmud nomidagi davlat stipendiyalarining g‘olibi bo‘ldi.
Joriy o‘quv yilida jami 144 nafar talaba o‘qishni tugatishi kutilmoqda, Bitiruvchilarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish maqsadida kunduzgi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 44 nafar, sirtqi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 63 nafar talaba bilan 3 tomonlama shartnoma tuzilgan.
Matbuot anjumani yakunida jurnalistlar tomonidan bugungi kunda keng jamoatchilikni qiziqtirib kelayotgan masalalar bo‘yicha savollar berilib, ularga tegishli javoblar olindi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.