FOTOREPORTAJ
2000-2004 hamda 2008-2010 yillarda tug‘ilgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida Samarqandda o‘tkazilgan armrestling bo‘yicha O‘zbekiston chempionati yakunlandi.
Musobaqada 2008-2010 yilda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar (o‘ng va chap qo‘lda) 45, 50, 55, 60, 65, 70, 70 kilogrammdan ortiq vaznda, qizlar esa (o‘ng va chap qo‘lda) 40, 45, 50, 55, 60, 70, 70 kilogrammdan ortiq vaznda bellashdi.
- Mazkur musobaqaga qadar ikki karra O‘zbekiston chempioni, Osiyo chempionati va kubogida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgandim, - deydi 65 kg vaznda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Toshkent viloyati vakili Xurramxon Saidxonov. – bugungi musobaqada ham g‘olib bo‘lib, xalqaro musobaqalarda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdim. Endi yanada kuchli tayyorgarlik ko‘rib, nufuzli musobaqalarda ham shohsupaga ko‘tarilishga harakat qilaman.
[gallery-10685]
O‘zbekiston chempionatining 2000-2004 yillarda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar bahslari 55, 60, 65, 70, 75, 80, 85, 90, 90 kilogrammdan ortiq vazn toifalarida o‘tkazilgan bo‘lsa, qizlar 50, 55, 60, 65, 70, 70 kilogrammdan ortiq vazn toifalarida kuch sinashdi.
- Besh yildan beri ushbu sport turi bilan shug‘ullanib kelaman, - deydi samarqandlik sportchi Shohsanam Ulug‘murodova. – bugungi musobaqada 70 kilogrammdan ortiq vazn toifasida ishtirok etib, O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritdim. Bu mamlakat chempionatidagi yigirma ikkinchi yutug‘im. Shuningdek, bugungacha ikki karra Osiyo chempionatida g‘olib, bir marta sovrindor bo‘lganman. Jahon chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritganman. bugungi g‘oliblik Osiyo va jahon chempionatlarida yurtimiz terma jamoasi safida ishtirok etish imkoniyatini beradi. Mashg‘ulotlarni kuchaytirib, Birlashgan Arab amirliklarida o‘tadigan Osiyo chempionati, Qozog‘iston Respublikasida o‘tkaziladigan jahon chempionatlarida munosib ishtirok etaman.
Chempionat doirasida sport ustasi talabini bajargan sportchilarga tegishli guvohnomalar topshirildi.
Alisher ISROILOV(surat),O‘zA