Namangan shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasi respublika Sport vazirligining yillik musobaqalar taqvimiga asosan kurash bo‘yicha o‘smirlar va qizlar o‘rtasida “U-13” O‘zbekiston chempionatiga mezbonlik qildi. Mazkur musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda poytaxtimizdan kelgan mingdan ziyod o‘g‘il-qizlar qatnashdi.
O‘ttiz kilogrammdan 70 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifalarida har bir polvon nafaqat chempion bo‘lish, balki o‘zining mahorati orqali terma jamoa murabbiylari nazariga tushish uchun ham astoydil mardonavor kurashga intildi.

Chempionatning tantanali ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar yurtimizda milliy sport turlari, ayniqsa, qadriyatlarimiz timsoli sanalgan kurashni tobora ommalashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samarasini berayotganligi, “halol”, “yonbosh”, “chala” kabi o‘zbekona iboralar dunyo arenalarida baralla yangrayotganligi e’tirof etildi.

Qizg‘in va murosasiz ruhda kechgan bellashuvlar yakunlariga ko‘ra, qizlar o‘rtasida Samarqand viloyatidan Gulyora Ergashova, Farangiz Eshnazarova, Jayroba Mardiyeva, Nilufar Xolmurodova, Surxondaryo viloyatidan Mehribonu Yusupova, Qashqadaryo viloyatidan Dilnura Jabborova, Buxoro viloyatidan Nilufar Norbo‘tayeva, Aziza Sobirova, Xorazm viloyatidan Guli Qalandarova chempionlik unvoniga munosib ko‘rildi.

O‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bahslarda Namangan viloyatidan Sobirjon Isroiljonov, Andijon viloyatidan Ozodbek Muhammadnazarov, Buxoro viloyatidan Siyovush Haydarov, Mirsaid Fayzullayev, Mironshoh Ro‘ziyev, Qashqadaryo viloyatidan Samar Sa’dinov, Surxondaryo viloyatidan Muhammadali Uralov, Mansur Boboyorov, Samarqand viloyatidan Mehriddin Bobomurodov, Asilbek Yusupov, Xorazm viloyatidan Mironshoh G‘aybullayev g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.
Musobaqa g‘oliblari tashkilotchilar tomonidan diplom, medal va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.