Ma’lumki, yaqinda Xorvatiyaning Zagreb shahrida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida yunon-rum kurashi bo‘yicha Toshkent viloyati farzandi Aytjan Xalmaxanov oltin medalni qo‘lga kiritgan edi.
Bunday yutuq bilan u 24 yillik tanaffusdan so‘ng mazkur yo‘nalishda jahon chempioni bo‘lgan ilk o‘zbekistonlik sportchi sifatida tarixga muhrlandi.

Shu munosabat bilan chempionga davlatimiz rahbari tomonidan “Nurafshon Sity” hududida joylashgan ko‘p qavatli uylardan uch xonali xonadon topshirildi. Tadbirda viloyat va Nurafshon shahri, O‘rta Chirchiq tumani faollari, nuroniylar va yoshlar, sportchining oila a’zolari va yaqinlari ishtirok etdi. Barcha birgalikda yangi xonadonda mehmon bo‘ldi.


Viloyat hokimi Z.Mirzayev faollar bilan birga sportchi va oila a’zolari bilan suhbatlashib uning yutuqlarini e’tirof etdi, kelgusi faoliyatiga omad tiladi. Yosh sportchining xalqaro maydonlarda yurtimiz sha’nini yuksak darajada himoya qilayotgani, yuksak marralar sari intilib, yoshlar uchun katta ibrat va o‘rnak namunalarini ko‘rsatayotgani alohida ta’kidladi.

– Avvalo, Prezidentimizga, xalqimizga katta rahmat, – deydi Aytjan Xalmaxanov. – Erishayotgan yutuqlarimdan ustozlarim, ota-onam va oilamdagilar juda mamnun bo‘lishdi. Bu menga katta mas’uliyat yuklaydi. Bundan keyin ham yanada katta ishonch bilan harakat qilaman. Oldinda navbatdagi Olimpiada o‘yinlarida ham yuqori natijalarga erishish niyatidaman.

Tadbir davomida faollar ham o‘zlarining iliq tilaklarini bildirdi. Nuroniylar duo qilib, sportchining kelgusi faoliyatiga omad tiladi.
A.Musayev, O‘zA