English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chempionatga tayyorgarlik ishlari muhokama qilindi
14:29 / 2026-01-29

Guliston shahrida Sirdaryo viloyati sport sohasini rivojlantirish va belbog‘li kurashni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Otabek Mavloberdiyev, Osiyo belbog‘li kurash Konfederatsiyasi Prezidenti Mo‘minxo‘ja Muratov, O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi prezidenti Ravshan Dastirov va tegishli sport sohasi mas’ullari ishtirok etishdi.

Uchrashuvda viloyatda belbog‘li kurash seksiyalarini kengaytirish, sport maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va mashg‘ulotlar sifatini oshirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, murabbiylarning malakasini oshirish, xalqaro tajribaga ega mutaxassislarni jalb etish va zamonaviy mashg‘ulot usullarini joriy qilish yo‘llari ko‘rib chiqildi.

Muhokamalarda bu yil Guliston shahrida 20 dan ortiq davlat sportchilari ishtirokida belbog‘li kurash bo‘yicha Osiyo chempionatini o‘tkazish rejasi ham ilgari surildi. Mazkur musobaqa viloyat va respublika sport nufuzini xalqaro miqyosda mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.

Kunning ikkinchi yarmida Osiyo Konfederatsiyasi va O‘zbekiston federatsiyasi rahbarlari Guliston shahridagi Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markaziga tashrif buyurib, sportchilar uchun yaratilgan sharoitlar, zamonaviy infratuzilma va mashg‘ulot jarayoni bilan yaqindan tanishishdi. Shuningdek, markazning belbog‘li kurash bo‘limida faoliyat olib borayotgan sportchilar va murabbiylar bilan uchrashuvda tayyorgarlik darajasi va professional mahoratni oshirish yo‘llari muhokama qilindi.

Mas’ullar Guliston shahrining xalqaro sport tadbirlarini qabul qilish salohiyatini yuqori baholab, mavjud infratuzilma Osiyo chempionatini yuqori saviyada o‘tkazish uchun yetarli ekanligini qayd etdi. Shu bilan birga, tashkiliy masalalarni takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar belgilab olindi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri