Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chempion talaba tantanali kutib olindi
12:06 / 2025-12-18

7-14 dekabr kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan V Yoshlar Para Osiyo o‘yinlari O‘zbekiston sport tarixida yana bir unutilmas sahifani ochdi. Mazkur nufuzli musobaqada O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida ishtirok etgan Farg‘ona davlat universiteti Jismoniy madaniyat fakulteti talabasi Maxdiya Muxtorova para suzish bo‘yicha yuksak natija qayd etdi.

Yosh sportchi musobaqa doirasida qatnashgan 7 ta masofaning barchasida g‘alaba qozonib, 7 ta oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu natija nafaqat shaxsiy yutuq, balki yurtimiz sport salohiyatining yorqin namunasi sifatida e’tirof etildi. Maxdiya Muxtorovaning zafarli chiqishlari orqali O‘zbekiston bayrog‘i xalqaro arenalarda bir necha bor baland ko‘tarildi.

Farg‘ona shahrida chempion sportchini tantanali kutib olish marosimi tashkil etildi. Unda universitet rahbariyati, ustoz-murabbiylar, talabalar, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Farg‘ona davlat universiteti rektori Baxodirjon Shermuxammadov bir dona oltin medal ortida ulkan mehnat, sabr-toqat va iroda mujassam ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 7 ta oltin medal – bu 7 karra mashaqqat, matonat va qat’iyat samarasidir. Rektor chempion sportchini ushbu tarixiy g‘alaba bilan samimiy tabriklab, unga kelgusida ham yangi zafarlar tiladi.

Maxdiya Muxtorovaning yutuqlari yoshlarimiz uchun katta ilhom manbai bo‘lib, mamlakatimizda para sportni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Uning muvaffaqiyati yurtimizda  sportchilarga qaratilayotgan yuksak e’tiborning amaliy samarasidir.

Nilufar Bozorova,

O‘zA