Yurtimizda yosh avlodni jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk va irodali insonlar etib tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatda munosib o‘rin egallashi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Ana shu ezgu maqsadlar yo‘lida amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yoshlar qalbida ishonch va matonat tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Toshkent viloyati Angren shahrida joylashgan 34-sonli alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan, tayanch-harakat a’zolari shikastlangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatda “Matonat maktabi marafoni” doirasida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Mazkur uchrashuv mehmoni para taekvondo bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi, jahon va Osiyo chempioni, Paralimpiya o‘yinlari g‘olibi, “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni sohibi Asadbek Toshtemirov bo‘ldi.
Tadbir avvalida o‘quvchilarga Asadbek Toshtemirovning hayoti va sportdagi shonli yo‘li haqida hikoya qiluvchi “Taqdir jangchisi” hujjatli filmi namoyish etildi. Film yoshlarda katta taassurot qoldirib, ularga matonat, sabr va qat’iyat namunasini yaqqol ko‘rsatdi.
Uchrashuv davomida o‘quvchilar chempionga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, sportdagi muvaffaqiyat sirlari, qiyinchiliklarni yengish yo‘llari va kelajak rejalari haqida batafsil javoblar oldi. Samimiy muloqot ruhida o‘tgan tadbir barcha ishtirokchilar uchun unutilmas lahzalarga boy bo‘ldi.
Uchrashuv yakunida “Matonat maktabi” ijrochi direktori Dilfuza Karimova so‘zga chiqib, mamlakatimizda yoshlar, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar uchun keng imkoniyat va shart-sharoitlar yaratilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, muvaffaqiyatga erishish uchun to‘g‘ri maqsad qo‘yish, mehnatsevarlik va irodali bo‘lish muhim ekanini alohida qayd etdi.
Mazkur tadbir o‘quvchilarda Vatanga bo‘lgan muhabbat, kelajakka ishonch hamda sportga qiziqishni yanada kuchaytirishga xizmat qildi. Chempion bilan uchrashuv ular uchun nafaqat motivatsiya, balki katta hayotiy saboq bo‘ldi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/rqeu7dqME4k" title="Chempion bilan unutilmas uchrashuv" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nigora Rahmonova,
Ulug‘bek To‘xtayev (montaj), O‘zA