Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chelyabinskda ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashuv o‘tkazildi
14:50 / 2021-03-25

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining topshirig‘i asosida Rossiyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan tizimli ishlash, shuningdek Chelyabinsk viloyati Saylov komissiyasi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazish maqsadida mamlakatimizning Yekaterinburg shahridagi Bosh konsuli, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Yekaterinburg shahridagi vakolatxonasi xodimlari Chelyabinsk shahriga xizmat safarini amalga oshirdi.

Safar davomida dastlab, Janubiy Ural davlat universiteti hamda Janubiy Ural davlat agrar universitetida ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar, yoshlar uchun yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar, joriy yil oktyabr oyida yurtimizda Prezidentlik saylovlari o‘tkazilishi va unda faol ishtirok etish lozimligi haqida ma’lumotlar berildi. Talabalar bilan turli ekstremistik va terroristik tashkilotlar ta’siriga tushib qolmaslik, Rossiyaning qator shaharlarida muxolifat tarafdorlari tashkil etayotgan namoyishlarda ishtirok etmaslik borasida profilaktik suhbat o‘tkazildi. Ularni qiynayotgan muammolar yuzasidan takliflari tinglandi.

Shuningdek, Chelyabinsk viloyati Saylov komissiyasi raisi S.Obertas bilan uchrashuv o‘tkazilib, joriy yil oktyabr oyida mamlakatimizda bo‘lib o‘tishi kutilayotgan Prezident saylovlarida muddatidan oldin ovoz berish bosqichini o‘tkazish borasida muzokaralar olib borildi.

Rossiya tomoni o‘zbek xalqi hayotidagi ushbu muhim siyosiy tadbirni o‘tkazishda har tomonlama ko‘mak berishga tayyor ekanligini bildirdi. Xususan, S.Obertas tomonidan muddatidan oldin ovoz berish jarayonini Janubiy Ural davlat agrar universitetida o‘tkazish taklifi ilgari surildi.

Janubiy Ural davlat agrar universiteti rektori S.Cherepuxina bilan uchrashuv o‘tkazilib, ikki tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

S.Cherepuxina bugungi kunda universitetning kunduzgi ta’lim shaklida 86 nafar o‘zbekistonlik talaba ta’lim olishi, ularning barcha tadbirlarda faol ishtirok etishini e’tirof etdi.