Chelyabinsk davlat madaniyat instituti rektori Oʻzbekistonda
Chelyabinsk davlat madaniyat instituti rektori Rushanin Vladimir Yakovlevich Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutiga tashrif buyurdi, deb xabar qilmoqda Madaniyat vazirligi matbuot xizmati
Chelyabinsk davlat madaniyat instituti rektori Rushanin Vladimir Yakovlevich Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutiga tashrif buyurdi, deb xabar qilmoqda Madaniyat vazirligi matbuot xizmati.
Tashrif davomida Rossiya delegatsiyasi vakillari institutda talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar, oʻquv binolari hamda fakultetlardagi amaliy mashgʻulot jarayonlari bilan tanishishar ekan, bu yerdagi boʻlajak ijodkorlar uchun muhayyo qilingan sharoit va qulayliklar dunyoning koʻzga koʻringan madaniyat muassasalaridagi sharoitlardan qolishmasligini taʼkidlab oʻtishdi.
Shuningdek, Chelyabinsk davlat madaniyat instituti rektori Vladimir Yakovlevich hamda Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti rektori Ibrohim Yuldashevning oʻzaro uchrashuvi ham boʻlib oʻtdi. Unda har ikkala institut rahbarlari tomonidan madaniyat va sanʼat, ilm-fanni oʻzaro hamkorlikda rivojlantirish maqsadida kelishuv shartnomalari imzolandi.
– Kutubxonachilik yoʻnalishi bizda ushbu yildan qayta tashkil etildi, – dedi Ibrohim Yuldashev. – Uzoq muddatli uzilish natijasida bu yoʻnalishda yillar davomida yigʻilgan tajribalarni qoʻldan boy berdik. Oʻylaymanki sizlardagi bu borada mavjud tajriba bizga kutubxonachilik sohasi kelajagi uchun qoʻl keladi, albatta.
Rushanin Vladimir Yakovlevich ham oʻz soʻzi davomida, Chelyabinsk davlat madaniyat institutida turizm yoʻnalishida malakali kadrlar tayyorlash maqsadida katta ishlar amalga oshirilayotganligini va Oʻzbekiston tajribasi bu borada albatta ular uchun muhim ekanligini taʼkidlab oʻtdi.
Eslatib oʻtish lozim, yaqinda Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti Rossiyaning kino sohasida butun dunyoga mashhur Butunrossiya kinomatografiya instituti bilan qoʻshma fakultetlarni tuzish borasida shartnomalar imzolagan edi. Chelyabinsk davlat madaniyat instituti bilan oʻzaro kelishuvlar Rossiyaning sanʼat va madaniyat yoʻnalishidagi taʼlim muassasalari bilan tuzilayotgan ikkinchi muhim shartnomadir.