Amerika Qo‘shma Shtatlarida futbol bo‘yicha klublar o‘rtasida o‘tayotgan jahon chempionatining ikkinchi yarim final o‘yinida Fransiyaning “PSJ” jamoasi Madridning "Real"klubini 4:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
13 iyul kuni AQSHning Nyu-Jersi shtati, Ist-Raterford shahrida joylashgan “MetLife Stadium”da o‘tadigan klublar o‘rtasidagi jahon chempionati finalida “PSJ” “Chelsi” bilan kuch sinashadi.

Aytish lozim, Londonning “Chelsi” jamoasi klublar o‘rtasidagi jahon chempionati finalida uchinchi marta qatnashmoqda. 2012 yili “Chelsi” finalda Braziliyaning "Korintians" jamoasiga 1:0 hisobida mag‘lub bo‘lgan edi. 2022 yilgi klublar o‘rtasidagi jahon chempionati finalida londonliklar yana bir Braziliya jamoasi bo‘lgan "Palmeyras" bilan ro‘baro‘ kelib, 2:1 hisobida g‘alabaga erishgan edi.

“PSJ” esa ushbu musobaqada birinchi marta ishtirok etmoqda. O‘tkazilgan o‘zaro o‘yinlar statistikasiga nazar solsak, Parij jamoasi o‘tkazilgan 9 ta rasmiy o‘yinning 4 tasida g‘alabaga erishgan, 3 tasida “Chelsi”ning qo‘li baland kelgan. 2 tasida murosa yo‘li tanlangan.

Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati finali “Chelsi” – “PSJ” jamoalarining o‘ninchi bor katta musobaqada ro‘baro‘ kelishini anglatmoqda.
Xo‘sh, okean ortida millionlab futbol ishqibozlari diqqat-markazida kechadigan o‘yinda bu safar kimning qo‘li baland keladi? Bunga 13 iyul kuni o‘tadigan shiddatli o‘yin yakunida javob olamiz.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA