Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Chelsi" klubini amerikalik milliarder sotib oldi
15:03 / 2022-05-27

"Chelsi" futbol klubini amerikalik tadbirkor Todd Boeli rahbarlik qilayotgan konsorsiumga sotish ishlari nihoyasiga yetdi, deyiladi Buyuk Britaniya hukumatining saytida e’lon qilingan hujjatda.

Avvalroq "Chelsi" klubi o‘z aksiyalarining nazorat paketi Boeli konsorsiumi tomonidan xarid qilinishi shartiga rozi bo‘lgani haqida ma’lum qilingan edi. Xabarda, xarid qiymati 5,3 milliard  dollarni tashkil etgani aytiladi. Biroq jamoaning xo‘jayini rossiyalik tadbirkor Roman Abramovich Buyuk Britaniya hukumatining oldi-sotti bo‘yicha taklif qilgan rejasini qabul qilmagandan keyin klubni sotish bilan bog‘liq muammo paydo bo‘lgandi. Keyinroq kelishmovchilik bartaraf qilingani, tomonlar umumiy til topishgani aytildi.

Ammo, oldi-sotti shartnomasini nafaqat Buyuk Britaniya hukumati, balki Portugaliya hukumati ham ma’qullashi kerak ekan, chunki Abramovich ushbu mamlakatning ham fuqarosi hisoblanadi. 26 may kuni Portugaliya ham klubning sotilishiga roziligini bildirdi.

Abramovich "Chelsi" ni 2003 yilda sotib olgan edi. Shundan buyon Londonning ushbu klubi besh marotaba Angliya chempionligini, besh marotaba  Angliya kubogini qo‘lga kiritdi, uch marta Angliya ligasi kubogiga ega bo‘ldi, shuningdek, ikki marta Chempionlar ligasi va Yevropa ligasining bosh sovrinlarini ham olishga muvaffaq bo‘lgan. Mart oyi boshida Abramovich Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli klubni sotuvga qo‘ygani haqida e’lon qilgandi.