Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chekka qishloq aholisiga suvni tozalash uskunasi topshirildi
18:43 / 2020-11-25

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bo‘zatov tumanidagi “Ko‘ksuv” ovul fuqarolar yig‘iniga drenaj suvini chuchuklantirish va tozalash uskunasi topshirildi.

Orolbo‘yining shimoliy hududida joylashgan tumanlarda sodir bo‘ladigan qurg‘oqchilik va yerlarning degradatsiyasi qishloq xo‘jaligi ishlarini olib borishni murakkablashtiradi. Bu esa, yetishtirilayotgan hosilning miqdori va uning sifatiga, qishloq aholisining ijtimoiy-iqtisodiy ahvoliga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda,

«Ko‘k suv» – Bo‘zatov tumanining aholisi 3955 nafarni, shundan 1678 nafarini ayollar tashkil etadigan eng chekka ovullaridan biri. Qishloq ahli daromadining asosiy manbaini chorvachilik va tomorqa xo‘jaligi faoliyati tashkil etadi. Ovul aholisi uchun ichimlik suvi bilan ta’minlanish, tomorqa yerlarini sug‘orish ayniqsa qurg‘oqchilik yillarida jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda. bugungi kunda ular KS-1 kollektor-drenaj tarmog‘idan olingan suvni ishlatishga majbur bo‘lmoqda. Vaholanki undagi tuz tarkibi anchagina yuqori bo‘lib, bir litrga 3,8 grammni tashkil etadi. Bu esa tuproqning sho‘rlanishi va haydaladigan yerlar tanazzulini kuchaytiradi.

Taqdim etilgan, quvvati soatiga 6 kub metr bo‘lgan drenaj suvini chuchuklantirish va tozalashga mo‘ljallangan uskuna qayta osmos tizimi asosida ishlaydi.

– Qayta osmos tozalash usuli bo‘lib, suv maxsus sintetik membrana orqali bosim ostida o‘tadi, – deydi “O‘zbekistonning qurg‘oqchil tumanlarida joylashgan fermer va dehqon xo‘jaliklarining iqlimiy barqarorligini ta’minlash» qo‘shma loyihasi mutaxassisi Azat Tileo‘muratov. – Bunda mineral tuzlar va aralashmalarning 98 foizi ushlab qolinadi. Bu sanoat korxonalari uchun ham, xususiy turar joylar uchun ham talab bo‘lgan suvni tayyorlash sohasidagi eng samarali usuldir. Mazkur tizim 2-6 gektar maydonda tomchilatib sug‘orishni ta’minlaydi. Aholi organik-biologik dehqonchilik bilan shug‘ullana oladi, tozalangan suvni katta qismi esa hayot ehtiyojlariga ishlatiladi.

BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi va BMT Doiraviy konvensiyasining Moslashuv (Adaptatsion) jamg‘armasi tomonidan amalga oshirilayotgan «O‘zbekistonning qurg‘oqchil tumanlarida joylashgan fermer va dehqon xo‘jaliklarining iqlimiy barqarorligini ta’minlash» qo‘shma loyihasining asosiy maqsadi aholini sug‘orish va ichimlik suvi bilan ta’minlash, hududning iqlimiy ta’sirlarga duchorligini kamaytirish maqsadida organik-biologik dehqonchilik usullarini qo‘llash orqali tuproq unumdorligini orttirishga yo‘naltirilgan.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA