O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Dolzarb 90 kunlik” loyihasi doirasida Shahrixon tumanidagi 58-ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabida o‘quvchi yoshlarning ijodiy ishlari ko‘rgazmasi, sayyor qabul va tibbiy ko‘rik tadbirlari o‘tkazildi.
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Andijon viloyati kengashi, Xalq deputatlari viloyat kengashi hamkorligidagi tadbirlar maktabda faoliyat olib borayotgan adabiyot, san’at, texnika, sport va ijodiy yo‘nalishlardagi to‘garaklar a’zosi bo‘lgan o‘quvchilarning ijodiy ishlari, qo‘l mehnati buyumlari ko‘rgazmalari bilan boshlandi.

Ishtirokchilar tomonidan o‘quvchilarning ijodiy ishlari yuqori baholandi. Mehmonlar bilan muloqotda o‘quvchi yoshlar o‘zlarining ilg‘or fikr, tashabbus va takliflari bilan faol qatnashdi.

Shundan so‘ng “Milliy tiklanish” partiyasi viloyat kengashi raisi Hamidjon Omonov, hamkor tashkilotlar – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Jamoat fondining Andijon viloyati bo‘limi, Inson huquqlari bo‘yicha Ombudsmanning Andijon viloyatidagi vakili hamda tuman tashkilotlari vakillari ishtirok etgan sayyor qabulga tumandagi “Saroy”, “Qashqar” va “Paxtako‘l” mahalla fuqarolar yig‘inlarida yashovchi yoshlar, aholi vakillari jalb etildi.

Qabul davomida aholi vakillari tomonidan mahallalardagi mavjud muammolar, kommunal xizmatlar, yo‘l, ichimlik suvi, bandlik va boshqa masalalar, xususan, hududdagi 1979 yilda qurilgan maktabgacha ta’lim muassasasi binosini qayta qurish, mahalladagi bo‘sh turgan binodan samarali foydalanish yuzasidan murojaatlar bildirildi.

Murojaatlarni hal etish, takliflarni mutasaddilarga yetkazish va amalga oshirish choralari ko‘rilishi, ijrosi nazoratga olinishi belgilandi.
Shuningdek, tadbir doirasida “Milliy tiklanish” partiyasi viloyat kengashi hamda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan bepul tibbiy ko‘rikda aholining salomatligi nazoratdan o‘tkazildi.
Tibbiy ko‘rik jarayonida turli xastaliklari borligi aniqlangan yoshlar, aholi vakillariga salomatligini tiklash bo‘yicha tavsiya va maslahatlar berildi. Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi tamoyillariga amal qilish, fuqarolarning tibbiy bilim va madaniyatni yanada yuksaltirish yuzasidan suhbatlar o‘tkazildi.
F. Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari.