Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir tumanidagi chekka mahallalardan biri bo‘lgan Shixobod mahallasida viloyat soliq boshqarmasi tomonidan kompleks tadbirlar tashkil etildi.
Tadbirlar "Sog‘lom hayot uchun besh ming qadam" marafoni bilan boshlandi. Marofonga mahalladagi kattayu kichik qo‘shildi. Piyoda yurish –jismoniy mashqning eng oson va qulay turi bo‘lib, inson salomatligi uchun foydali bo‘libgina qolmay, ruhiy holatga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Qolaversa, muntazam yurish inson immunitetini mustahkamlaydi.
Navro‘z bayrami yaqinlashayotganligi munosabati bilan aholiga arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasi ham tashkil etildi. Yarmarkada aholi uchun birlamchi bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, un, yog‘, tuxum, go‘sht, baliq va boshqa turdagi mahsulotlar arzon narxlarda sotildi.
– Tadbirlar doirasida yosh musavvirlar tanlovi, futbol, tennis, voleybol sport musobaqalari, bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi, kashtachilik, qo‘l mehnati namunalari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Mahallamizni tumanda rivojlanishda orqada qolayotgan mahallalardan deb bo‘lmaydi. Biroq tuman markazidan ancha uzoqda joylashgani bois ba’zibir muammolarimiz ham bor, – deydi “Shixobod” MFY xotin-qizlar faoli Ziyoda Matrasulova. – Viloyat ikkinchi sektor rahbariyati mahallamizda samarali ishlarni tashkil etib, fuqarolarni bugungi kunidan rozi qilish maqsadida mana shunday tadbirlar tashkil etilmoqda. Bundan mahalla ahli, ayniqsa, ayollarimiz juda xursand. Ularning o‘zlari tashabbus ko‘rsatib, barcha tadbirlarda faol ishtiroq etishmoqda.
Shixobod markazdan uzoqligini inobatga olib, tibbiyot xodimlari tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik, ya’ni EKG va UZI ko‘riklari shu yerning o‘zida tashkillashtirildi. Unda viloyat va tuman ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasalaridan tor soha mutaxassislari 250 nafarga yaqin fuqaroni bepul chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi.
– Mahallada aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, kasalliklarni erta bosqichda aniqlab, sog‘lomlashtirish ishlarini olib borish va yuqumli kasalliklarning oldini olish ham muhim sanaladi, – deydi 22-sonli oilaviy poliklinika mudirasi Gulbahor Matyoqubova. – Chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik davomida 72 nafar fuqaroda xastalik aniqlangan bo‘lsa, ularning 4 nafariga statsionar, qolganlariga ambulator tarzda davolanish tavsiya etildi.
[gallery-22180]
Kompleks tadbirlar doirasida mahallaning har bir ko‘chasi ta’mirlandi. Mahalla yoshlari boshqa mahallalarga bormasdan futbol va voleybol, tennis kabi sport turlari bilan muntazam ravishda shug‘ullanishi uchun maxsus maydonchalar foydalanishga topshirildi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari