Qoraqalpog‘iston Respublikasining chekka hududlarida istiqomat qiluvchi qishloq aholisi uchun yangi yil yaxshi yangiliklar bilan boshlandi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan tomorqa xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari topshirildi.
Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qorao‘zak tumani Yesim mahallasi aholisi uchun beshta motokultivator yetkazib berildi. Mazkur texnikalar tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, ekin ekish jarayonlarini tezlashtirish va mehnat unumdorligini oshirish imkonini beradi.
Bu “O‘zbekistonda oziq-ovqat tizimlarining yerdan foydalanish va qayta tiklashga ta’sirini baholash dasturi” loyihasi doirasida taqdim etildi.
– Motokultivatorlar yerga ishlov berish, shudgorlash, kultivatsiya qilish, ariqcha olish va ekin ekishga tayyorlash jarayonlarini tez va sifatli bajarishda katta yordam ko‘rsatadi, – dedi loyiha milliy koordinatori Aziz Nurbekov. – Bu esa qishloq aholisining mehnatini yengillashtirish bilan birga, ishlab chiqarish hajmini oshirishga xizmat qiladi. Qishloq xo‘jaligi texnikalarini topshirish orqali biz qishloq aholisi daromadlarini barqaror oshirish, ularning oziq-ovqat bilan o‘zini ta’minlash imkoniyatini kengaytirish va iqlim o‘zgarishiga moslashuv salohiyatini kuchaytirishni maqsad qilganmiz.
Ta’kidlash joizki, loyiha doirasida Qoraqalpog‘istonda ekotizimlar degradatsiyasining oldini olish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish hamda tuproqni muhofaza qiluvchi va resurslarni tejovchi qishloq xo‘jaligi amaliyotlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA