Toshkent viloyati Angren shahrining eng chekka hududlaridan biri “Lashkarak” mahalla fuqarolar yig‘ini markazdan qariyb 28 kilometr uzoqlikda, tog‘li hududda joylashgan. Ushbu manzilga suyultirilgan gaz ballonlarini yetkazib beruvchi maxsus avtotransport vositasi 2 soat deganda ko‘zlangan joyga yetib boradi.
Kuz faslida yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lishi tufayli yo‘llar talabga javob bermaydi. Qishda esa yetkazib berishdagi murakkablik yana ortadi. Ayni kunda mazkur hududda yashovchi aholi xonadonlariga suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berilmoqda.
Angren shahrida 37 ming 745 ta gaz iste’molchilari mavjud bo‘lib, shundan 23 ming 920 tasi tabiiy, 13 ming 825 tasi suyultirilgan gazdan foydalanib keladi. Shahar hududidagi iste’molchilarga joriy yilning o‘tgan davrida 15 ming 747 tonna suyultirilgan gaz yetkazilgan. Shuningdek, 32 ta mahallaga suyultirilgan gaz yetkazib berish maqsadida 5 ta maxsus gaz tashuvchi avtotransport vositalari ajratilgan.
“Lashkarak” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 130 ta aholi xonadonlari suyultirilgan gaz ballonlaridan foydalanadi. Iste’molchilarga o‘tgan 10 oy davomida 10 ming 720 tonna suyultirilgan gaz berilgan. Aholiga foydalanish uchun ijara shartnomasi asosida 45 dona maishiy gaz ballonlari yetkazib berilgan.
Shu paytgacha suyultirilgan gazda muayyan cheklovlar mavjud bo‘lib, malum bir o‘lcham asosida yetkazib berilar edi. Hozirgi sharoitga ko‘ra, bu tartib aholi manfaatidan kelib chiqib o‘zgartirildi. Sababi qish mavsumida uylarni isitishda gazga bo‘lgan talab har doimgidan ortadi. Soha xodimlari tomonidan iste’molchilarga gaz ballonlaridan foydalanishda texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
A.Musayev, O‘zA