Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, inson o‘z hayoti davomida oladigan barcha ma’lumotning 70 foizini besh yoshgacha bo‘lgan davrda olib ulguradi. Aynan shu davrda inson bolasi dunyoni anglay boshlaydi, o‘zining ona tilini o‘zlashtiradi. Unda atrofdagilarga nisbatan mehr uyg‘onadi.
So‘nggi 2-3 yilda mamlakatimizda o‘sib borayotgan avlodni sog‘lom va har tomonlama yetuk voyaga yetkazish, ta’lim-tarbiya jarayoniga samarali ta’lim va tarbiya shakllari hamda usullarini joriy etishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Maktabgacha ta’limning samarali tizimini tashkil etish bo‘yicha ham aniq ishlar qilinmoqda.
Respublika bo‘yicha maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 33 ming 942 tani tashkil etmoqda. Shundan 6 ming 780 tasi davlat va 27 ming 162 tasi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari sanaladi. Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining 847 tasi xususiy, 1 ming 388 tasi davlat-xususiy sheriklik asosidagi va 24 ming 927 tasi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari.
Maktabgacha ta’lim uzluksiz ta’limning boshlang‘ich qismi bo‘lib, bolaning sog‘lom va rivojlangan shaxs bo‘lib shakllanishini ta’minlaydi, o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqini uyg‘otadi, tizimli o‘qitishga tayyorlab boradi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda respublika bo‘yicha 30 mingga yaqin maktabgacha ta’lim tashkilotiga 72 foiz bola qamrab olingan. 3-7 yoshli bolalarning 74 foizi maktabgacha ta’limga jalb etilgan.
Maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingan 661 ming 945 nafar 6 yoshli bolalarning 170 ming 721 nafari 7 ming 560 ta boshlang‘ich ta’limga bir yillik bepul majburiy tayyorlov guruhlariga, 456 ming 769 nafari 13 ming 55 ta to‘liq kunlik tayyorlov guruhlariga, 33 ming 429 nafari 3 ming 298 ta qisqa muddatli tayyorlov guruhlariga qamrab olingan. 2023 yil davomida 98 ta to‘liq kunlik, 271 ta qisqa muddatli, 1 ming 384 ta majburiy bepul tayyorlov guruhlari tashkil etilishi natijasida jami 711 ming 768 nafar 6 yoshli bolalarning 661 ming 945 nafari yoki 93 foizi maktabgacha ta’limga jalb etilgan.
Chekka hududlarda maktabgacha ta’lim xizmatlarini tashkil etish maqsadida qo‘shimcha ravishda Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlariga 7 ta ISUZU avtobuslari qayta jihozlangan holda yetkazib berildi. Respublika bo‘yicha 156 ta MFYdagi qayta jihozlangan 429 ta mobil guruhda 9,5 ming nafar 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ta’lim olishi ta’minlandi.
YUNISEF tashkiloti bilan hamkorlikda Namangan va Xorazm viloyatlarida maktabgacha ta’limning muqobil shakli bo‘lgan 20 ta “Turli xil yoshdagi maktabgacha ta’lim guruhlari” (o‘yin guruhlari) tashkil etilib, jami 496 nafar bola tarbiyalanmoqda.
Jahon banki bilan hamkorlikda “Bolani erta rivojlantirish” loyihasi doirasida Namangan va Samarqand viloyatlarida “Ilk rivojlanish markazlari” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bunda birinchi model (6 yoshgacha qamrab olinmagan bolalari bo‘lgan oilalarga tashrif) bo‘yicha jami 634 ta bola, ikkinchi model (o‘yin guruhlari) bo‘yicha 861 nafar bola, uchinchi model (sog‘lig‘i tufayli imkoniyati cheklangan 2 yoshdan 6 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga tashrif) bo‘yicha 87 ta bola qamrab olindi.
Surxondaryo viloyatining Termiz shahar, Termiz va Muzrabot tumanlaridagi Afg‘oniston davlatidan o‘tib kelgan oilalar farzandlari uchun 10 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 400 nafar bolaga YUNISEF Xalqaro bolalar tashkiloti, Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magi yordamida “Ko‘p tilli inklyuziv ta’lim guruhlari” tashkil etildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA