Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chekka hududlarda maktabgacha ta’lim mobil guruhlari tashkil qilinadi
09:25 / 2021-06-16

Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida maktabgacha ta’lim tashkilotlarini qurish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, bolalarni jalb qilish va 6 yoshli bolalarni bepul majburiy ta’limga jalb etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

– Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan sohaga qaratilayotgan alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik natijasida bolalarni maktabgacha ta’limga qamrab olish ko‘rsatkichi yildan- yilga ortib bormoqda, – deydi To‘rtko‘l tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri Ra’no Rozumbetova. – bugungi kunda davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti 33 taga, davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti 7 taga, oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti 27 taga ko‘payib, umumiy bog‘chalar soni 67 ga yetdi. Natijada 3-7 yoshdagi bolalar soni jami 17 995 nafarni tashkil qilgan bo‘lsa, shundan 12 745 nafari maktabgacha ta’lim tashkilotiga qamrab olinib, natija 71,5 foizga yetdi.

Joriy yil davomida davlat-xususiy sheriklik asosida 2 ta 100 o‘rinli nodavlat bog‘chaga 200 nafar, 6 ta oilaviy nodavlat bog‘chaga 300 nafar, 2 ta davlat bog‘chasiga 460 nafar, yangidan tashkil etiladigan bog‘chalarga jami 960 nafar bolajon qabul qilinib, bu esa qamrovni yana 5,5 ga oshiradi.  

Jumladan, “Oqqamish” ovul fuqarolar yig‘inida “Jennet mekan”, “Sho‘raxon” ovul fuqarolar yig‘inida davlat- xususiy sheriklik asosidagi nodavlat bog‘cha, “Oqqamish”, “Oqboshli”, “O‘zbekiston”, “Qumbosgan”, “Paxtachi”, “Qo‘na To‘rtko‘l” ovul fuqarolar yig‘inlarida oilaviy bog‘chalar, tuman markazidan 70 kilometr uzoqlikda joylashgan “Ko‘kcha” ovul fuqarolar yig‘inida “Obod qishloq” dasturi asosida 140 o‘rinli hamda tuman markazidagi pedagogika kollejining bo‘sh turgan binosini davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga aylantirish maqsadida ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi homiylik yordami asosida tumandagi “Qumbosgan” ovul fuqarolar yig‘ini “Navro‘z” aholi punkti hududidagi bo‘sh turgan, qarovsiz ahvolga kelib qolgan 2 qavatli bino ta’mirlanib, 100 o‘rinli bog‘cha foydalanishga topshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 8 dekabrdagi “Bolalarni boshlang‘ich ta’limga majburiy bir yillik tayyorlashga bosqichma-bosqich o‘tishi choralari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, To‘rtko‘l pilot tuman qilib belgilandi. Natijada 6 yoshli bolalarni maktab ta’limiga sifatli tayyorlash maksadida 2018-2019 o‘quv yilida tumanda tajriba sinov tariqasida 3717 nafar, 2019-2020 o‘quv yilida esa 4955 nafar bola to‘liq bir yillik bepul majburiy ta’limga qamrab olinib, davlat sertifikatlari berildi.

Mazkur tajriba Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha keng targ‘ib qilindi. Bundan tashqari, 171 qisqa muddatli guruhga 6 yoshdagi 3865 nafar bola qabul qilinib, maktabda tarbiyalanmoqda. Barcha davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlarida "Ilk qadam", 6 yoshli bolalar uchun "Ilm yo‘li" davlat dasturi asosida ta’lim-tarbiya ishlari olib borilmoqda. Joriy o‘quv yilida shu kungacha 7 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti attestatsiya va akkreditatsiyadan o‘tkazilgan edi.

Har yili nafaqat  tuman markazida, balki chekka ovullarda ham maktabgacha ta’lim tashkilotlari bunyod qilinib, aholi manfaati uchun foydalanishga topshirilmoqda. Tumandagi "O‘zbekiston" ovul fuqarolar yig‘ini hududida 14-maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi. Barcha sharoitlarga ega 150 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy bolalar bog‘chasining ishga tushirilishi bilan 38 nafar ayol-qiz ish o‘rni bilan ta’minlandi. 2020 yil Investitsiya loyihasiga kiritilgan mazkur inshootda “Sho‘roxon qurilish montaj” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 4 milliard 700 million so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirildi.

Shu bilan birga, tumanda maktabgacha ta’limning muqobil turlari yo‘lga qo‘yilmoqda. Shuningdek, chekka hududlardan “Paxtachi” va “Ullubog‘” ovul fuqarolar yig‘inlarida maktabgacha ta’lim tashkilotlari yo‘qligi bois mobil guruhlar tashkil qilinmoqda. Ayni damda mazkur ovullardan joylar tayyorlanib, qurilish ishlari boshlab yuborildi. Ushbu hududlarning har birida 3 guruhdan tashkil qilinib, jami 6 guruhga 96 nafar tarbiyalanuvchi qamrab olinishi nazarda tutilayapti.

Tumandagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga, tarbiyalanuvchilarga har tomonlama shart-sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ulardan ingliz, rus, koreys tillari, shaxmat-shashka, badiiy gimnastika, mental arifmetika, raqs va boshqa to‘garaklar muntazam faoliyat yuritib turibdi. Tarbiyalanuvchilar turli ko‘rik-tanlovlarga qatnashib, munosib o‘rinlarni egallab kelmoqda.

Albatta, yurtimizda maktabgacha ta’lim sohasini rivojlantirishga alohida ahamiyat berilayotgani bejiz emas. Boisi, unda tarbiyalangan bola bilimdon, har tomonlama yetuk va chaqqon bo‘lib voyaga yetadi. Asosiysi, “Yoshlikda olingan bilim, toshga o‘yilgan naqsh” kabidir deyilganidek, bunday bolalardan kelajakda yomonlik chiqmaydi.

Kuni kecha tumandagi "Ullubog‘" ovul fuqarolar yig‘inida zamonaviy va barcha qulayliklarga ega 120 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilishi boshlab yuborildi. Amalga oshirilayotgan ishlar maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, sog‘lom, faol, barkamol, ijtimoiy moslashtirilgan bola shaxsini tarbiyalashga xizmat qiladi.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA