Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chekka hududlarda dars berishning mashaqqati ham, zavqi va sharafi ham bo‘lakcha
18:18 / 2021-06-14

Prezident qarorlari hayotda va nazoratda

Jahon hamjamiyatidan yangilik olish ham, unga yangilik uzatish ham xorijiy tillarni bilishni taqozo etadi. Har sohada xalqaro hamkorlik aloqalarimiz kun sayin kengayayotgani til bilish masalasining dolzarbligini yanada oshirmoqda.

Darhaqiqat, xorijiy tillarni o‘qitishga e’tibor yaqin yillarda davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan selektor yig‘ilishida ko‘tarilgan tillarni o‘qitish masalasi ham bunga yaqqol bir misol. Mazkur sohada vaziyatni yaxshilash yuzasidan bir qator ko‘rsatmalar berildi, xususan, xalqaro til sertifikatlariga ega bo‘lgan o‘qituvchilarga ustama haqlari joriy etish, xorijiy tillarni o‘qitish sifatini oshirish maqsadida har bir tuman va shahar uchun mablag‘ ajratish va shu kabi boshqa ko‘plab masalalar o‘rtaga tashlandi. Yurtboshimiz yig‘ilishda alohida e’tirof etgan Buxorodan Samarqandga kelib, o‘quvchilarga ingliz tilidan dars berayotgan Murodovlar oilasi bilan O‘zA muxbiri suhbatda bo‘ldi. Qahramonimiz Farrux MURODOVning fikr-mulohazalarini e’tiboringizga havola etamiz.

– Ma’rifatparvar shoir Avaz O‘tar so‘zi bilan aytganda, til inson va olamni bog‘lab turuvchi vosita, ko‘prikdir. Darhaqiqat, u ko‘ngillarni, xalqlarni yanada yaqinlashtiradi.

Biz asli Buxoro viloyatining Buxoro tumanidanmiz. Turmush o‘rtog‘im Nargiza Quvonova bilan Samarqand viloyatining Nurobod tumanidagi 54-umumiy o‘rta ta’lim maktabida mart oyidan boshlab dars berib kelamiz. 2020 yilda Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida chekka hududlarga borib dars beruvchi o‘qituvchilarga ustama haqi to‘lanishi haqida ko‘rsatma berganlaridan so‘ng biz ham Samarqandga ish axtarib bordik. Aslida Prezident qarori chiqmasidan avval ham chekka hududlarga borib dars o‘tishni rejalashtirib yurar edik. Bu qaror bizni yanada ruhlantirdi, rejalarimizni amalga oshirishga kuch bag‘ishladi. Hozir mazkur maktabda 30 soatdan dars olganmiz. Ayolim boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga, men esa yuqori sinf o‘quvchilariga dars beramiz.

Bilasiz, bugun maktablar ranglar bo‘yicha toifalarga ajratilgan: qizil rang toifasidagilar bu – 10% va undan kam o‘quvchilari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan maktablar hisoblanadi, sariq rang – 30%, yashil rang toifadagi maktablar esa 50 va undan yuqori foizlarda o‘quvchilari oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirgan maktablar sanaladi. Bunda ustama haqi faqat qizil rang toifasidagi maktablarda faoliyat olib boruvchi birinchi va oliy toifali hamda xorijiy tilni bilish darajasini bildiruvchi xalqaro sertifikatlar (IELTS, CEFR)ga ega pedagoglarga beriladi. Menda har ikki sertifikat bor. Malakam ham 10 yildan oshgani sababli oyligimning 170% ini ustama haq sifatida olaman.

Bu yerdagi sharoit haqida gapirsak, Buxoro tumanimiz markaziga uyimizdan 7-10 daqiqada mashinada yetib boraman. Nurobodda esa 1 yarim soatda boriladi. Sababi, markazga boruvchi transport atigi bitta. Transportni aytmasak, hamma sharoit a’lo darajada.

Chekka hududda dars berib muallim nimaga erishadi, bilasizmi? Avvalo, yaxshilikka erishadi. O‘zimizdan misol, bizning ham erishganlarimiz ko‘p, moddiy jihatdan olsak, oyligimiz oshirildi. Qolaversa, bolalarda xorijiy tillarga qiziqish kuchaydi. Buni onlayn o‘qishlar bo‘lishiga qaramay, o‘quvchilar sinfxonani to‘ldirib o‘tirishlaridan ham sezish mumkin. Bundan tashqari, qo‘shimcha to‘garaklarimiz uchun ham bino ajratib beramiz, dedi mas’ullarimiz.

Yana bir narsani alohida aytib o‘tishni xohlardim, bu yerda ijara uyda turamiz va ijara haqi davlat tomonidan to‘lab beriladi. Bu ham biz uchun yaratilgan qulay imkoniyat.

O‘quvchilar kelajakda muallim bo‘laman, deyishi uchun jamiyatda o‘qituvchining bilimi bilan birga obro‘si ham yuqori bo‘lishi kerak. Bugun amalga oshirilayotgan islohotlar ayni shu yo‘lda qilinayotgan ezgu amallarga bir misol. Kuni kecha Yurtboshimizning xorijiy tillarni o‘qitishni rivojlantirishga bag‘ishlangan selektor yig‘ilishida o‘qituvchilarni alohida e’tirof etganlari bizni yanada quvontirdi.

Biz bu ishga qo‘limizdan kelgancha o‘z hissamizni qo‘shishga bel bog‘laganmiz. Ya’ni, kuzda Nurobod tumanida ma’lum chegirmalarga ega, arzon narxlarda ingliz tili kurslari tashkil qilishni rejalashtirdik. Tuman hokimi o‘rinbosari sentyabr oyidan qishloq vrachlik punkti binosidan alohida xona ajratib berilishini ma’lum qildi. Hozirda hudud bo‘ylab e’lon berganmiz. Kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun darslar bepul bo‘ladi, pullik kurslar esa shahardagi narxlarga nisbatan ancha arzon bo‘ladi.

Chekka hududda dars berishning mashaqqati ham, mas’uliyati ham, zavqi va sharafi ham bo‘lak. Shu sabab o‘qituvchiga e’tibor bu – kelajakka e’tibor. O‘z navbatida, bizga yaratib berilayotgan sharoit va imkoniyatlar javobsiz qolmasligi kerak, albatta. Bunda biz, o‘qituvchilar bolalarga yaxshi bilim va tarbiya bersak, maqsadimizga erishgan bo‘lamiz.

O‘zA muxbiri

Yulduz O‘RMONOVA yozib oldi.