Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chekka hududlar qachon internet tarmog‘i bilan 100 foiz qamrab olinadi?
22:18 / 2021-11-17

Internet tarmog‘i kun sayin hayotimiz, ish faoliyatimizga chuqur kirib bormoqda. O‘zbekistonda internetdan foydalanuvchilar soni ham yildan-yilga oshib boryapti.

Provayderlar soni oshgani sayin internetda xizmat ko‘rsatish turlari va soni ham o‘sishda davom etmoqda. O‘z navbatida, hududlarni internet tarmog‘i bilan to‘la qamrab olish masalasi ham ko‘ndalang bo‘ladi. Bu borada mamlakatimizda aholi maskanlarining mobil aloqa bilan qamrov darajasi 98 foiz va mobil internet tarmog‘iga keng polosali ulanish qamrovi 93 foizga yetkazilgan. Ushbu ko‘rsatkichni yil oxiriga qadar 95 foizga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.

Oliy Majlis Senati Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasining majlisida shu haqda so‘z bordi.

Qo‘mita yig‘ilishida dastlab Senatning navbatdagi yalpi majlisida muhokama qilinishi nazarda tutilgan masalalar ko‘rib chiqildi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalar va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining mamlakatimizning internet tezligi bo‘yicha xalqaro reytingdagi o‘rnini yaxshilash, shuningdek, aholining internet tarmoqlari orqali erkin va tezkorlik bilan axborot olish imkoniyatlari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar hamda sohaga oid qabul qilingan qonunchilik hujjatlarning ijrosi yuzasidan axboroti eshitildi.

Vazir o‘rinbosari Jamol Maxsudov sohada amalga oshirilayotgan ishlar xususida batafsil to‘xtalib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev har bir xonadon va ijtimoiy muassasa maqbul narxda yuqori tezlikdagi internetga ulanishi zarurligi haqida bir necha bor ta’kidlagan edi. Ana shu vazifalardan kelib chiqib, internet tezligini oshirish yuzasidan mamlakatimizning xalqaro reytinglarda o‘rnini yaxshilash maqsadida vazirlik tomonidan o‘tgan 5 yil mobaynida qator chora-tadbirlar amalga oshirilgan. 

Xususan, internet tezligini oshirish maqsadida magistral telekommunikatsiya tarmog‘i o‘tkazuvchanligi viloyatlararo darajada 400 Gbit/s tezlikka, tumanlararo tarmoqlar tezligi esa 40 Gbit/sga yetkazilgan.

Optik tolali aloqa liniyalari uzunligi 4,5 barobarga, keng polosali portlar soni 3,5 barobarga oshirilgan. Vazirlik tomonidan mobil aloqa tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida 2021 yilda 9 mingta baza stansiyalari qurilib ishga tushirilgan, ularning umumiy soni 40 mingtaga yetkazilgan. Hududlarda yangi aholi massivlarining paydo bo‘lishi, o‘z navbatida, aloqa sifatiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Bu borada yangi stansiyalarni qurish ishlari davom ettirilayotgani e’tiborga molik.

Yig‘ilishda eng chekka hududlarni ham internet tarmog‘i bilan 100 foiz qamrab olish ishlari qachon yakuniga yetkaziladi, degan savol o‘rtaga tashlandi. Vazir o‘rinbosari bunga javoban barcha hudud 2023 yilgacha to‘liq internet tarmog‘i bilan ta’minlanishini bildirdi.

Yig‘ilishda pochta xizmatlariga oid masalalar, ayniqsa, obuna, davriy nashrlarni joylarga yetkazib berish bilan bog‘liq muammolar ham qizg‘in muhokama etildi. Senatorlar Farmon Toshev, Mahmud Toirov va boshqalar ushbu sohadagi muammolarga alohida to‘xtalib, o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdi. “O‘zbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyati direktori vazifasini bajaruvchisi Alisher Fayzullayev pochta tizimidagi ishlar, muammolar, kelgusidagi rejalar xususida to‘xtalib, savollarga javob berdi.

Yig‘ilishda shuningdek, imei kod bilan bog‘liq masalalar, aholi o‘rtasida ayrim tushunmovchiliklar yuzaga kelayotgani ham o‘rtaga tashlandi. Bu borada vazirlik keng ko‘lamda tushuntirish va targ‘ibot ishlarini olib borishi lozimligi aytildi. 

Vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, joriy yilning birinchi choragida imei kod bilan bog‘liq 790 ta murojaat bo‘lgan bo‘lsa, uchinchi chorakda 134 taga tushgan. Ya’ni, bundan aholi vakillari imei kod mobil qurilmalarning xavfsizligi uchun qulaylik yaratishini anglab yetayotgani ayonlashadi.

Majlisda senator va ekspertlar tomonidan AKT sohasi faoliyatini yanada yaxshilash borasida fikr-mulohazalar bildirildi.

Muhtarama Komilova, O‘zA