Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chekka hududdagi islohotlar natijasi o‘rganildi
08:14 / 2025-05-30

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinboyev Taxtako‘pir tumanidagi yangi loyihalar va fuqarolarning qo‘shimcha daromad olishiga ko‘maklashish borasidagi ishlar bilan tanishdi.

Dastlab “Qoraoy” ovul fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Kausar tegirmon" mas’uliyati cheklangan jamiyati korxonasining chorvachilik loyihasi ko‘rildi. Ta’kidlash joizki, 2025 yil davomida korxona tomonidan umumiy qiymati 32 milliard so‘mlik chorvachilikni rivojlantirish va sutni qayta ishlash loyihalarini amalga oshirish belgilangan. Bugungi kunda chorvachilik majmuasiga 120 bosh naslli qoramol olib kelinib, parvarishlanmoqda. Shuningdek, ushbu mas’uliyati cheklangan jamiyatning qiymati 878 ming dollarlik “Junni qayta ishlash”  loyihasi doirasida yo‘lga qo‘yilgan ishlab chiqarish jarayonlari, texnologik uskunalar va mahsulot tayyorlash bosqichlari ko‘zdan kechirildi.

Jo‘qorg‘i Kenges Raisi ushbu hududda joylashgan, Germaniyaga eksportni amalga oshirayotgan “Good Salt production” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilgan osh tuzini ishlab chiqarish korxonasida bo‘ldi. Loyihaning amalga oshirilishi, ishlab chiqarish quvvatlari va yaratilgan ish o‘rinlari bilan yaqindan tanishdi.

Shundan so‘ng,  “Taxtako‘pir” shaharcha fuqarolar yig‘ini hududida tashkil etilgan kichik sanoat zonasida bo‘lib, shu hududda faoliyat yuritayotgan “From mebel” xususiy korxonasi tomonidan tashkil etilgan mebel ishlab chiqarish sexida, “Dauqara” ovul fuqarolar yig‘ini hududida “Taxtako‘pir gold tekstil mahsulotlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilayotgan to‘qimachilik korxonasi faoliyati ko‘zdan kechirildi.  

Davlatimiz rahbarining 2023 yil 8 avgustdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan, ushbu investitsiya loyihasi uchun 4,5 gektar yer maydoni ajratildi. Umumiy qiymati 25,4 million AQSH dollari bo‘lgan loyihaga muvofiq yiliga 5 ming tonna ip ishlab chiqarilib, 11,1 milliard so‘mlik tayyor mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Doyiha to‘liq ishga tushishi natijasida 257 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Tumanga tashrif davomida “O‘zbekiston” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi N.Fayzullayev, N. Ametov, O‘.Temirbekov va “Oydin yo‘l” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi M. Davletyarovlarning xonadonlarida bo‘lib, tomorqa yer egalari bilan yaqindan suhbatlashildi.  

O‘rmon xo‘jaligi yer maydonlari ham ko‘zdan kechirildi. Kuzgi daraxt ekishga yerlarni va ko‘chatlarni tayyorlash ishlarini uyushqoqlik bilan olib borish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq berildi.

Tumandagi A. Adilov ovuli fuqarolar yig‘ini hududidagi “To‘rang‘il-soy” va “Atako‘l”  ovul fuqarolar yig‘inlari hududlarida joylashgan  fermer xo‘jaliklaridagi ishlar ham ko‘zdan kechirildi.

Qishloq xo‘jaligi sohasida suv ortiqcha sarflanishining oldini olish, hosildorlikni oshirish va zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha  ishlarni tizimli ravishda davom ettirish lozimligi ta’kidlandi.

Shu kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi rahbarligida tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda dastlab amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha o‘rganishlar natijalari, tumandagi investitsiya loyihalari, o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarning oilalarida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, obodonlashtirish ishlari va iqtisodiy ko‘rsatkichlar chuqur tahlil qilinib, yo‘llarni ta’mirlash, ijtimoiy ob’ektlarni qurish, rekonstruksiya qilish ishlari bo‘yicha mavjud muammolar va ularni hal etish masalalari tahlil qilindi.  

Mahallalarda fuqarolarning qo‘shimcha daromad olishiga ko‘maklashish, uy sharoitida o‘zini o‘zi band qilishlariga yaqindan yordam berish, kichik tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, imtiyozli kredit mablag‘lari ajratish kabi muhim ishlar tanqidiy ko‘rib chiqildi.

Majlis davomida ta’kidlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha  mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi.

Yig‘ilishda o‘z vazifasini bajarishda xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Shuningdek, ayrim rahbar va mutasaddilarga intizomiy jazo chorasi qo‘llash, o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaraganlarning lavozimiga loyiqligi masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri