Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chekka hududda oilaviy shifokorlik punkti ish boshladi
16:18 / 2025-05-21

Andijon tumanidagi “Yangiobod” oilaviy shifokorlik punkti foydalanishga topshirildi.

Tuman hokimi Boburjon Yuldashev, sog‘liqni saqlash birlashmasi mutasaddilari, shifokorlar, mehnat faxriylari, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida oilaviy shifokorlik punkti ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda so‘zga chiqqanlar tomonidan mamlakatimizda keyingi yillarda aholi sog‘ligini muhofaza qilish, tibbiyot muassasalari uchun moslashtirilgan yangi binolar qurish, ularni ilg‘or va zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganligi, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati yuksalib borayotganligi ta’kidlandi.

Kapital ta’mirlanib, foydalanishga topshirilgan “Yangiobod” oilaviy tibbiyot punkti Andijon tumanining Yangiobod, Begobod va Duldur mahallalarida yashovchi 10,5 ming nafardan ziyod aholiga xizmat ko‘rsatadi. 

– Qariyb 40 yil avval hashar yo‘li bilan qurilgan punktimiz binosi yaroqsiz holga kelib qolgan edi, - deydi “Yangiobod” shifokorlik punkti mudirasi Nargizaxon Muxtorova. – Jamoamiz, mahalla ahlining sa’y-harakati bilan binoni ta’mirlash bo‘yicha “Tashabbusli byudjet” loyihasining 2024 yil 2-mavsumi tanlovida qatnashib, g‘olib chiqdik. Ajratilgan 1 milliard 380 million so‘m mablag‘ hisobiga punktimizda ta’mirlash ishlari bajarildi. Bino moslashtirilib, butunlay yangi qiyofaga keltirildi. Shifokorlar va kelib-ketuvchilar uchun zarur sharoitlar yaratildi.

Ta’mirlash ishlari “Barhayot yo‘llar” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan o‘z vaqtida va sifatli bajarildi. 

[gallery-23482]

Yangi bino tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan mebel va boshqa zarur jihozlar bilan ta’minlandi.

Ayni kunda mazkur tibbiy punktda 6 nafar shifokor, 27 nafar o‘rta tibbiyot xodimi faoliyat yuritmoqda. 

Yangi binoning ishga tushishi bilan hudud aholisi uzoqqa bormasdan mahallaning o‘zida sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniga ega bo‘ldi. 

F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari