Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chekka hududda ham tadbirkorlik rivojlanmoqda
11:16 / 2025-04-21

Buxoro viloyatida turli yo‘nalishlarda tadbirkorlar soni ortib bormoqda. Jumladan, joriy yilning 1 mart holatiga ko‘ra viloyatda yangidan tashkil etilgan tadbirkorlik sub’ektlari soni 729 tani tashkil etdi. Ularning 726 tasi mikrofirmalar va kichik korxonalar hamda 3 tasi yirik korxonalar sanaladi.

E’tiborlisi, ishbilarmonlarga berilayotgan yengilliklar va sohaga daxldor tashkilotlar mas’ullarining yaqindan ko‘magi natijasida vujudga kelayotgan ana shunday korxonalar hisobiga viloyatning soliq bazasi kengaymoqda. Bu viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va byudjet tushumlarining oshishiga xizmat qilmoqda.

Shu bois, ayni kunlarda viloyatning barcha hududlarida kichik va o‘rta biznes vakillari bilan uchrashuvlarda ham tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan muammolarga yechim topish hamda ularning biznesini yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Viloyatning chekka hududi Olot tumanida ham Buxoro viloyati soliq boshqarmasi, tuman mutasaddilari va Markaziy bankning viloyat Bosh boshqarmasi rahbarlari biznes vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda soliq qonunchiligiga oid o‘zgarish va yangiliklar hamda ishbilarmonlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Kichik tadbirkorlarga faoliyatini o‘rta biznesga o‘tkazish hamda o‘rta tarmoqdagi ishbilarmonlarga esa biznesini yanada kengaytirish bo‘yicha bir qator takliflar bildirildi.

Ochiq muloqotda o‘ndan ortiq masalalar yuzasidan murojaatlar va takliflar kelib tushdi. Uchrashuv natijalariga ko‘ra bildirilgan takliflar umumlashtirilib, tumanda tadbirkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar belgilab olindi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.