31 may – butun dunyoda Butunjahon tamakisiz kun sifatida keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan Sirdaryo viloyati Narkologiya dispanseri hamda “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi shahar kengashi hamkorligida Guliston shahar dehqon bozorida “Biz chekishga qarshimiz!” shiori ostida targ‘ibot-tashviqot tadbiri tashkil etildi.
Tadbir doirasida keng jamoatchilikka tamaki mahsulotlari, ularning inson salomatligiga ta’siri va keltirib chiqaradigan xastaliklar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Mutaxassislar tomonidan tamaki chekuvchilikning nafaqat salomatlikka, balki oilaviy iqtisodiyotga ham salbiy ta’siri alohida ta’kidlandi.
– Bunday tadbirlar faqatgina 31 may bilan chegaralanmasligi, balki yil davomida izchil ravishda o‘tkazilishi lozim. Chunki tamakining zarari juda ko‘p, lekin zarracha ham foydasi yo‘q. Birinchidan, sog‘liqqa jiddiy zarar yetkazsa, ikkinchidan, oila byudjetiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Albatta, kimdir bu so‘zlarimni o‘rinsiz deb hisoblashi mumkin, ammo bu – haqiqat, – deydi mehnat faxriysi Narzulla Safarov.

Tadbir ishtirokchilari o‘rtasida broshyura va plakatlar tarqatildi, shuningdek, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi va zararli odatlardan voz kechish mavzusida suhbatlar olib borildi.
– Har bir chekilgan sigaret – umrning bir daqiqasiga berilgan zarba. Sog‘lom hayot bugun tanlov emas, balki mas’uliyat hisoblanadi,– deydi Sirdaryo viloyati Narkologiya dispanseri bosh shifokori Oybek Yullashev. – Biz bu tadbirlar orqali, ayniqsa yoshlar orasida chekmaslik madaniyatini shakllantirish va nafaqat salomatlikni, balki erkin nafas olish huquqini himoya qilishni maqsad qilganmiz. Tamakiga qarshimiz – chunki biz hayot tarafdorimiz.

Bunday tashabbuslar aholining, xususan yoshlarning ongini yuksaltirish, chekuvchilikning zararli oqibatlari haqida xabardorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
– Sog‘lom jamiyat – sog‘lom fuqarolardan boshlanadi. Bugungi tadbirimiz orqali biz faqat chekuvchilikka emas, balki beparvolikka qarshi ham kurashyapmiz. Yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish – bugungi kunimizning ustuvor vazifasidir, – dedi “Adolat” SDP shahar kengashi raisi Feruza Umurzakova.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri