Bugun ijtimoiy tarmoqlarda 12 yoshli bolaning do‘kon sotuvchisi urgani aks etgan video tarqaldi. Ya’ni, yosh bolaga kuchini ko‘rsatgan sotuvchining bu qilmishi keng jamoatchilik tomonidan qattiq qoralandi. Lekin, tanganing ikkinchi tomoni bor. Ba’zi hollarda kattalarda topilmaydigan bu jur’at o‘spirinda topilgani barchani o‘ylantirib qo‘ygani ham rost. Aslida hufyona iqtisodiyotga qarshi barchamiz murosasiz kurashishimiz kerakligining bu yaqqol namunasi.
Sotuvchidan chek talab qilgan 12 yoshli Shahbozni Respublika Soliq qo‘mitasi markaziy apparati tik turgan holda qarshi oldi, qarsaklar bilan olqishlashdi. Chunki, uning mardligi ko‘pchilikka o‘rnak bo‘la oladi.
Bolalar Ombudsmaniga uning onasi murojaat qilib, 2011-yilda tug‘ilgan farzandini Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi do‘konlardan birida harid chekini so‘ragani uchun sotuvchi tomonidan farzandi haqoratlanib, bir necha bor uning yuziga urganini bildirib, qonuniy chora ko‘rishni so‘radi. Aslida voyaga yetmagan shaxslarni haqorat qilish bilan bog‘liq holatlar so‘nggi vaqtlarda juda ko‘p uchramoqda, lekin hammasi ham tasvirga olinmagani sababli “yopiq qozon” yopiqligicha qolayotgandi.
Mazkur holat Bolalar Ombudsmani tomonidan o‘rganilib, olib borilgan tergovga qadar tekshiruv davomida Guliston shahridagi savdo do‘koni sotuvchisi jamoat joyida so‘kinib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan sodir qilgan xatti-harakatlari uchun unga nisbatan ma’muriy javobgarlikka oid ish qo‘zg‘atilib, ish hujjatlari jinoyat ishlari bo‘yicha Guliston shahar sudiga yuborildi. Xo‘sh, sud ushbu holat bo‘yicha qanday qaror qabul qildi?
Mavjud barcha dalillar va guvohlarning ko‘rsatuvlari o‘rganilgach, jinoyat ishlari bo‘yicha Guliston shahar sudining sudyasi Xislatjon Qo‘qonboyev ma’muriy huquqbuzarlik ishi bo‘yicha sudning qarorini e’lon qildi. Unga ko‘ra huquqbuzarga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/P5a2DWDnLjg?si=gw5_AHRlViim2UCn" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Sanjar Toshpo‘latov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA