O‘simliklar karantini va himoyasi agentligida KOICA xalqaro tashkilot vakillari ishtirokida 2024 yilning dastlabki uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. 2021 yil 17 dekabrda davlatimiz rahbarining Koreya Respublikasiga tashrifi davomida KOICA va O‘zbekiston o‘rtasida hamkorlik dasturi imzolangandi va bir necha bor koreyalik ekspertlarning O‘zbekistonga tashrifi ham tashkil etilgandi.
Loyihaning maqsadi koreyalik hamkorlar bilan 8 ta yo‘nalish bo‘yicha o‘quv qo‘llanmalar ishlab chiqish, boshqaruv xodimlari va mutaxassislarning Koreya va O‘zbekistonda malakasi oshirish, 6 ta o‘simliklar karantini chegara punkti, 5 ta hududiy laboratoriya, O‘simliklarni karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot institutini zaruriy jihozlar bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. Hozirda loyihaga start berilgan va u 2027 yilgacha davom etadi.
- Koreya Respublikasi O‘zbekistonga xalqaro yordam dasturi doirasida o‘simliklar karantini tizimi funksiyasini takomillashtirish maqsadida loyiha amalga oshiryapti, – deydi KOICA delegatsiyasi rahbari Li Nam Bok. - Umumiy miqdori 6 740 000 AQSH dollarini tashkil etadigan mazkur loyiha orqali O‘simliklar karantini va himoyasi agentligiga asbob-uskuna va jihozlarni yetkazib berish, karantin tizimini takomillashtirish va kadrlar salohiyatini oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasini tuzib, karantin xodimlari uchun maxsus treninglar o‘tkazishni rejalashtirmoqdamiz. O‘zbekiston kelajakda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport miqdorini kengaytirish uchun shu tarzda harakat qilsa imkoniyatlar yanada kengayadi.
Shu sababli sohani rivojlantirish uchun tegishli labaratoriyalarni takomillashtirish hamda karantin xodimlarining salohiyatini oshirish muhim va tashkiliy jihatdan xalqaro me’yorlarga mos yangi tizimni tayyorlash zarurati bor, deb o‘ylayman.
Xususan, 2023 yildagi tashrif davomida koreyalik ekspertlar qator tashkilotlarda bo‘lishgandi. Markaziy fitosanitariya laboratoriyasi, O‘simliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti, Namangan viloyati fitosanitariya laboratoriyasi, Andijon viloyati “Do‘stlik” hamda Toshkent viloyatining “Yallama” chegara posti bojxona terminallari va “Toshkent avia kargo” faoliyati o‘rganilgandi.
“O‘zbekiston Respublikasi fitosanitariya xizmati salohiyatini rivojlantirish – o‘simliklar karantini chegara maskanlarini takomillashtirish” loyihasi doirasida 4 ta asosiy yo‘nalish belgilangan bo‘lib, uchrashuvlar davomida uning tarkibiy qismlari, O‘zbekiston va Koreya tomonlarining loyihaga qo‘shadigan hissalari hamda ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilinib, uni boshlash bo‘yicha tomonlar o‘rtasida muhokama bayoni va keyingi bosqichda xalqaro shartnoma tuzilishi masalasida dastlabki kelishuvga erishilgan.
Natijada ushbu loyiha orqali yurtimizning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport va import qilinishida takomillashgan tizim yuzaga keladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/xolU7tVMlt8" title="Chegarada oʻsimliklar karantini sohasida yangi tizim joriy qilinadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
Sanjar Toshpo‘latov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA