14 yanvar –Vatan himoyachilari kuni
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganligining 34 yillik bayrami munosabati bilan Xorazm viloyati Xiva tumanida joylashgan harbiy qismlarning birida xizmat faolyatini olib borayotgan harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari uchun mo‘jallangan xizmat xonadonlari kalitlari o‘z egalariga topshirildi.
Karnay-surnay ohanglari ostida o‘tkazilgan tantanali marosimda Xorazm viloyat va Xiva tuman hokimligi vakillari, DXX Chegara qo‘shinlari qo‘mondonligi mas’ul zobitlari, bir qator faollar va harbiy xizmatchilar hamda ularning oila a’zolari ishtirok etdi.
Zamonaviy loyihalarga asoslanib, bunyod etilgan mazkur muhtasham imorat shinam hamda zaruriy jihozlar bilan ta’minlangan. Shuningdek, harbiy xizmatchilarning oila a’zolari bandligini ta’minlash maqsadida to‘liq jihozlangan tikuvchilik sexi, bolalar uchun o‘yin maydonchalari ham mavjud.
[gallery-27092]
Barcha qulayliklarga ega xonadon kalitlari topshirilar ekan, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari o‘z quvonchlarini izhor etishdi.
–Mana bugun bayram arafasida yangidan barpo etilgan, zamon talablarga mos, barcha qulaylikka ega, shinam va mo‘’jaz xizmat xonadonlarining kalitlari yuqori rahbariyat vakillari tomonidan tantanali topshirildi,– deydi chegarachi Zavqitdin Sayfullayev. – Bu harbiy xizmatchilar uchun O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Oliy Bosh qo‘mondonining bizga qaratilgan yuksak e’tibori va g‘amxo‘rligining yaqqol ifodasidir. Qurolli Kuchlar tizimida olib borilayotgan islohotlar, harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari uchun yaratilib berilayotgan sharoitlar hamda imtiyozlar uchun Yurtboshimizga safdoshlarim va o‘zimning nomimdan cheksiz minnatdorchilik bildiramiz. Bugun xizmat xonadonlari kalitlarini o‘z qo‘limizga olar ekanmiz, bu e’tibor Vatanimizning har bir qarich yerini tish-tirnog‘i bilan qo‘riqlab, g‘animlardan himoya qilib, yurtimizning tinchligi va xalqimizning farovonligini ta’minlash, sarhadlarimizning mustahkamligini asrab-avaylash mas’ulyatimizni yanada oshiradi.
Tadbirda so‘z olganlar harbiy xizmatchilarni yangi uylari bilan muborakbod etib, davlatimiz miqyosida harbiy xizmatchilar uchun berilayotgan imtiyozlar, yaratilayotgan sharoitlar, shu bilan bir qatorda Qurolli Kuchlar tizimida olib borilayotgan islohotlar haqida to‘xtalib, ularga sharafli va mashaqatli xizmat faoliyatida omad va zafarlar yor bo‘lishini tiladi.
Xalqimizda “Oilang tinch bo‘lsa, ishingda unum bo‘ladi” degan ibora bejizga aytilmagan. Zero, harbiy xizmatchilar oilasidan ko‘ngli xotirjam holda jangovor xizmatga shaylanar ekan, o‘z zimmasidagi xizmat burchini bajarishda bor kuch g‘ayratini safarbar qiladi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari