FOTOREPORTAJ
Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumanida qo‘shni Qozog‘iston Respublikasi bilan chegaradosh hududda joylashgan “Toshkent” mahalla fuqarolar yig‘inida Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari uchun yangidan qurib bitkazilgan xizmat uylari foydalanishga topshirildi.
Mazkur ezgu tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 34 yilligiga harbiy xizmatchilar va ularning oilalari uchun o‘ziga xos bayram tuhfasi bo‘ldi.
So‘nggi yillarda milliy armiyamizni isloh qilish, mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, shu bilan birga harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Chegarachilar uchun barpo etilgan mazkur xizmat uylari ana shu islohotlarning amaliy ifodasidir.
Tantanali tadbirda viloyat va tuman hokimliklari mas’ullari, Davlat xavfsizlik xizmatining Jizzax viloyati bo‘yicha boshqarmasi rahbariyati, harbiy qism qo‘mondonligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar hamda ularning oila a’zolari ishtirok etdi.
Marosimda Prezidentimiz – Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni boshchiligida harbiy xizmatchilarning jangovar shayligini oshirish va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida so‘z yuritildi.
Qayd etilishicha, 2 va 3 xonali bo‘lgan 22 ta xonadondan iborat ushbu 2 qavatli xizmat uyi barcha zarur muhandislik kommunikatsiya tarmoqlariga ulangan bo‘lib, harbiy oilalarning farovon yashashi uchun to‘liq qulayliklar yaratilgan, zamonaviy mebel va jihozlar bilan ta’minlangan. Uylar kaliti o‘z egalariga tantanali tarzda topshirildi.
– Bugun biz, harbiy xizmatchilar uchun juda quvonchli kun, - deydi DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchisi Shahzod Xonnazarov. – Davlatimiz tomonidan yaratilayotgan bunday sharoitlar xizmatimizga bo‘lgan yuksak e’tiborning yorqin namunasidir. Yangi, shinam uyga ega bo‘lganimiz oilamiz uchun katta rag‘bat bo‘ldi. Bu ishonchni oqlash uchun Vatanimiz tinchligi yo‘lida xizmat vazifalarimizni yanada mas’uliyat bilan bajaramiz.
[gallery-27171]
Shuningdek, harbiy shaharcha hududida bolajonlar uchun o‘yin maydonchalari, dam olish joylari tashkil etildi. Hovli atrofiga manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi. Harbiy xizmatchilarning oila a’zolari bandligini ta’minlash maqsadida esa zamonaviy sharoitlarga ega tikuv sexi barpo etilib, bu yerda 6 nafar harbiy xizmatchining turmush o‘rtog‘i doimiy ish bilan ta’minlandi.
Harbiy xizmatchilar va ularning oilalariga qaratilayotgan bunday g‘amxo‘rlik, shubhasiz, Vatan tinchligi posbonlarining xizmat vazifalarini yanada samarali bajarishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA