O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi arafasida Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanida harbiy xizmatchilar uchun barpo etilgan ikki qavatli uy hamda mo‘’jaz maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi.
Harbiy xizmatchilar, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida yangi uy va maktabgacha ta’lim tashkilotining ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda mamlakatimizda milliy armiyamizning jangavor salohiyatini yuksaltirish, harbiy xizmatchilar hamda ularning oila a’zolari yashash sharoitlarini yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi ta’kidlandi.
[gallery-3633]
Jumladan, Istiqlol bayrami arafasida yurtimizning eng chekka hududlaridan bo‘lgan Qo‘rg‘ontepa tumanida xizmat burchini o‘tayotgan chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari uchun foydalanishga topshirilgan 24 xonadondan iborat yangi uy hamda 25 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti harbiylar, ularning oilalari uchun haqiqiy bayram tuhfasi bo‘ldi.
Yangi uyning shinam, keng va yorug‘ xonadonlarida yashovchilar uchun zarur barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Bundan tashqari, uy oldida bolalar maydonchasi barpo etilganligi ham yashovchilarga katta qulayliklar yaratadi.
Tadbirda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ishtirok etdi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOVOV (foto),
O‘zA