Yosh kadrlar o‘rtasida namunali xulqi, tashabbuskorligi va tirishqoqligi bilan barchaga o‘rnak bo‘ladigan, ma’nan va jismonan barkamol farzand voyaga yetkazganligi uchun harbiy xizmatchilarning ota-onalariga DXX Chegara qo‘shinlari qo‘mondonining “Tashakkurnoma”sini taqdim etish an’ana tusini oldi.
Shu kunlarda DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qismlarda xizmat qilib, mamlakatimiz sarhadlarini qo‘riqlash ishiga munosib hissa qo‘shayotgan hamda jangovar xizmat faoliyatida yuqori natijalarga erishgan bir qator yosh harbiy xizmatchilarning xonadonlariga tashrif buyurilib, ota-onalariga Chegara qo‘shinlari qo‘mondonining “Tashakkurnoma”lari topshirilmoqda.

Farzandi kamolini ko‘rish har bir ota-onaning orzusi. Respublikamiz bo‘ylab amalga oshirilayotgan tashriflar davomida ko‘plab yosh harbiy xizmatchilarning xonadonlariga shodlik ulashilib, mehnatlari alohida e’tirof etilmoqda.
Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda DXX Chegara qo‘shinlarida xizmat o‘tayotgan tashabbuskor va faol yoshlarning ota-onalarini rag‘batlantirish maqsadida, Samarqand viloyatida istiqomat qiluvchi yosh harbiy xizmatchilarning ota-onalariga DXX Chegara qo‘shinlari qo‘mondonining yo‘qlovi yetib bordi. Tadbir davomida ularga, farzandini Vataniga, Prezidentiga, jonajon xalqiga va qasamyodiga sadoqat ruhida tarbiyalagani uchun minnatdorchilik bildirildi.

– Bu ehtiromdan boshimiz osmonga yetdi, farzandning iqbolidan minnatdorchilik eshitish har bir ona uchun baxt, albatta, farzandimiz mamlakatimizning buyuk kelajagini qurishda o‘z munosib hissasini qo‘shishiga ishonchim komil va ushbu ishlarni amalga oshirishda uni ruhan qo‘llab-quvvatlashga va’da beraman, – deydi kichik serjant Sh.Hazratqulovning onasi Gulsanam Orziqulova.
Navbatdagi manzil Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumani bo‘ldi. Bir qator yosh harbiy xizmatchilarning ota-onalariga ham “Tashakkurnoma”lar yetkazildi.
Jumladan, Xo‘jayli tumani “Kun nuri” mahallasida yashovchi kichik serjant Jenis Allanovning ota-onasi Abdisalam Allanov va Mevagul Jumayeva, shu tumandagi Ahmad Yassaviy ko‘chasi 52-uyda istiqomat qiluvchi oddiy askar Jasur Raximovning otasi Axmad Raximov ham ana shunday e’tirofga ega bo‘lgan baxtiyor insonlardan.
Xuddi shunday tadbir Surxondaryo viloyati Uzun tumanida ham tashkillashtirildi. Tumandagi “Telpakchinor” MFYda yashovchi G‘anijon aka va Maqsudaxon aya ham yo‘qlab borildi. Ular farzandlari kamolidan quvondi. Ularning farzandlari kichik serjant Akmaljon Davlatov davlat chegaralarini himoya qilishga qo‘shayotgan munosib hissasi, namunali intizomi bilan xizmatdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelmoqda.
– Bugun farzandimiz harbiy xizmatni tanlaganidan yana bir bor shod bo‘ldim, – deydi kichik serjant Akmaljon Davlatovning onasi Maqsudaxon aya. – Chegara qo‘shinlari qo‘mondonining minnatdorchilik xati yetib keldi. O‘g‘lim bilan faxrlandim. U yuzimizni yorug‘ qildi. Bu har bir ota-ona uchun sharaf, faxr hisoblanadi.
Har bir xonadonda kuzatilgan ana shunday quvonch ko‘z yoshlari, cheksiz baxtiyorlik hissi, ko‘tarinki kayfiyat tashrif buyuruvchilarning ham ko‘nglini tog‘dek ko‘tardi. Zero, kunni tunga, tunni tongga ulab sarhadlarimizda sergak turib, ona yurt tinchligini ko‘z qorachig‘idek asrayotgan o‘g‘lonlar xizmati va ularni kamolga yetkazib, Vatan himoyasiga yo‘llagan ota-onalarining mehnati hamisha e’tibor, e’tirofga munosib.
F.Bobojonova, mayor. O‘zA