Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chegara maskanlarida har bir jarayon nazoratda
16:01 / 2025-09-16

Toshkent viloyati o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksport-import jarayonlarida fitosanitariya holatiga alohida e’tibor qaratilib, samarali ishlar olib borilmoqda.

Viloyatda boshqarmaga qarashli tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlarida va chegara maskanlarida eksport-import jarayonlari doimiy nazorat qilinmoqda. Sababi, bu sa’y-harakatlar mamlakatlar flora olami uchun fitosanitariya xavfsizligi tobora dolzarblik kasb etmoqda. 

Jumladan, Bekobod tumanidagi Oybek chegara bojxona postida ham ish tunu-kun tashkil etilgan. Bu yerda karantin inspektorlari tomonidan chetdan turli zararli hasharotlar, begona o‘tlar yoki o‘simlik kasalliklari kirib kelmasligi choralari ko‘riladi. Zamonaviy axborot texnologiyalari, laboratoriya jihozlari orqali har bir mahsulot sinchkovlik bilan tekshirilib, taqdim qilingan hujjatlar tegishli tartibda ko‘zdan kechiriladi. Bojxona postida mutaxassislar faoliyati uchun barcha sharoit mavjud.

Inspektor maxsus planshetlar orqali har bir jarayon va qayd qilingan holatlarni onlayn platformaga kiritib boradi. Chunki birgina zararli organizm kirib kelsa, katta maydonlardagi dalalar, bog‘-rog‘larga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Shu bois, import qilingan mahsulotlarni ham, tranzit tarzida o‘tayotgan fuqarolarning yuklarini ham karantin nazoratidan o‘tkaziladi.

 Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur jarayonda meva-sabzavot, don, urug‘lar, ko‘chatlar, qadoqlangan mahsulotlar – bularning barchasi diqqat bilan tekshiriladi. Chunki ularning ichida yoki ustida ko‘rinmaydigan hasharot tuxumlari, qo‘ziqorin kasalliklari bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, tranzit tarzida o‘tayotgan yuk tashuvchi avtotransport vositalari olib o‘tayotgan yuklar ham doim kuzatuvda. Masalan, boshqa davlatga mamlakatimiz hududi orqali o‘tayotgan mahsulot yo‘lda tushib qolishi yoki qadoqlari ochilib ketishi mumkin. Shu sababli, ular ham hujjatlar va tashqi ko‘rinishi bo‘yicha sinchiklab o‘rganiladi. 

– Agar shubhali holat bo‘lsa, masalan, bargida dog‘, po‘stida chirish belgilari yoki hasharot izi topilsa namuna olib, laboratoriyaga yuboramiz, – deydi “Oybek” O‘simliklar karantini chegara maskani inspektori Daler Jo‘rayev. – Faqat laboratoriya natijalari tasdiqlagandan keyin mahsulotning taqdiri hal qilinadi. To‘g‘ri, tranzit mahsulotlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri bizning bozorimizga chiqmaydi. Lekin yo‘l davomida turli xavflar mavjud. Ularning hujjatlari tekshiriladi, yuklari vizual ko‘zdan kechiriladi. 

Tahlillarga ko‘ra, joriy yil boshidan beri Oybek chegara bojxona postida qo‘shni Tojikiston Respublikasidan mamlakatimizga fitosanitariya sertifikatsiz va karantin ruxsatnomasiz kirish bilan bog‘liq 18 ta holat aniqlangan. Shundan 4 ta holatda karantin osti mahsulot ortilgan yuk mashinasida maxsus ruxsatnomasi yo‘qligi sababli vaqtincha to‘xtatildi. Qolgan 14 ta holatda Tojikistondan O‘zbekistonga kirib kelayotgan fuqarolar qo‘l yukida fitosanitariya sertifikatsiz kelgani ma’lum bo‘ldi. Shu tufayli fuqarolar qo‘l yuki eksportyor davlatga qaytarib yuborilgan. Qonunbuzarlar esa ma’muriy javobgarlikka tortilib, jarima qo‘llanilgan. 

Bundan tashqari, karantin chegara maskanlariga tutash dalalar, bog‘larda muntazam nazorat ishlari olib boriladi. Sababi qo‘shni davlatdan uchib kiradigan hasharotlar dastlab shu dalalarga qo‘nadi. Maqsad chetdan kelishi xavfi bo‘lgan zararkunandalarga qarshi samarali kurash choralarini o‘z vaqtida belgilash va o‘simliklarni karantin ob’ektlaridan himoya qilishdir. 

A.Musayev, O‘zA.