Bojxona qo‘mitasi chegara bojxona postlarida avtotransport vositalarining ruxsat etilgan massasi va gabaritlari hajmi besh foizgacha ortiq bo‘lgan holatlarda maxsus ruxsatnomasiz, to‘lov undirish yo‘li bilan o‘tkazish amaliyoti bekor qilinganini ma’lum qiladi.
Endilikda avtotransport vositalarining vazn va hajm parametrlarini aniqlashda o‘lchash asbobining avtotransport vositalarini to‘xtab turgan yoki 5 km/soatgacha tezlik bilan harakatlanayotganda avvalgidek 2 foiz emas, balki 5 foiz farq bilan ishlashiga yo‘l qo‘yiladi va bu yuk tashuvchi foydasiga talqin qilinadi.
Ammo, bunda avtotransport vositalarining har bir o‘qiga tushuvchi ruxsat etilgan og‘irligi avtotransport vositalarining umumiy ruxsat etilgan massasiga rioya qilingan holda, 10 tonnadan ortiq bo‘lmasligi shart.
Aks holda mazkur avtotransport vositalari Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tomonidan beriladigan maxsus ruxsatnoma olinmaguniga qadar chegara bojxona postlaridan o‘tkazilmaydi.
Xabarda yuk tashuvchilar va haydovchilardan chegara bojxona postlari orqali harakatlanishda vazn va hajm parametrlariga qat’iy rioya qilishlari so‘ralgan.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA