Sirdaryo viloyat bojxona boshqarmasi tasarrufidagi “Sirdaryo” chegara bojxona postida favqulodda vaziyatlarda idoralar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni takomillashtirish maqsadida ko‘rgazmali maxsus-taktik o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.
Taktik mashq jarayonida shartli ravishda chegara orqali kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tilmoqchi bo‘lgan ionlashtiruvchi nurlanish manbalari aniqlangan holat muhokama qilindi. Mazkur ssenariy asosida favqulodda vaziyatlar davlat quyi tizimi (FVDqT) xizmatlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishtirokida amaliy harakatlar namoyon etildi.
[gallery-22752]
Mashg‘ulotda bojxona, chegara, Sirdaryo viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi (FVB), Ichki ishlar boshqarmasi (IIB), Milliy gvardiya (MG), Sanitariya-epidemiologiya xizmati (SEO), sanitariya-ekspertiza bo‘limi (SEB) va jamiyat salomatligi bo‘limi (JSB) xodimlari ishtirok etdi. Umumiy hisobda 81 nafar mutaxassis va 10 ta maxsus texnika jalb etildi.
Tadbir davomida sanksiyalanmagan nurlanish manbalari bilan bog‘liq vaziyatlarda tezkor harakat qilish, xodimlar va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, vazifalarni muvofiqlashtirish, maxsus vositalardan samarali foydalanish va evakuatsiya ishlarini amalga oshirish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar mustahkamlandi.
– Bu kabi o‘quv mashg‘ulotlari, avvalo, turli favqulodda holatlarning oldini olish, tezkor va muvofiqlashtirilgan harakatlarni ta’minlash, davlat idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish hamda jangovar shaylikni oshirishda muhim ahamiyatga ega, – deydi Sirdaryo viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati rahbari Davronbek Sulaymonov.
Mashg‘ulot yakunida ishtirokchi tashkilotlar va mutasaddilar ishtirokida nazariy va amaliy jihatlar atroflicha muhokama qilindi. Qayd etilgan fikr va mulohazalar asosida kelgusida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri