Mamlakatimizda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan respublika hududiga olib kiriladigan har qanday tovar yoki mahsulotlar jiddiy tekshiruvlardan o‘tkaziladi.
Amaldagi tartiblarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga ekvivalenti 100 million so‘mgacha bo‘lgan naqd xorijiy valyutani bojxona nazorati qoidalariga rioya etilgan holda olib chiqishga ruxsat etilgan. Biroq shunga qaramay qonunchilikni mensimayotgan shaxslar ham oramizda uchrab turibdi.

Yaqinda Namangan viloyati bojxona boshqarmasiga qarashli “Kosonsoy” chegara-bojxona posti xodimlari tomonidan boshqa yuridik idoralar hamkorligida valyutani noqonuniy ravishda chetga olib chiqish holati fosh etildi. Yurtimizdan Qirg‘iz Respublakasiga “yashil yo‘lak” orqali harakatlanayotgan ayol shubha uyg‘otganligi sababli xodimlar tomonidan tegishli tartibda ko‘rikdan o‘tkazildi.
Natijada, fuqaroning egnidagi kiyimi orasida og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan va deklaratsiyalanmagan 40000 AQSH dollari bojxona nazoratidan yashirgan holda, olib chiqishga uringanligi aniqlandi. Hozirda mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qilish organi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.