Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi boshlanganiga besh yil bo‘lmoqda. Yurtimizda amalga oshirilayotgan bu ezgu g‘oya hududlarni yashil boyliklarga burkab, xalqimizni o‘tmishdagi ajdodlarimizdek ona tabiat bilan baqamti yashashga undamoqda.
Surxondaryo viloyati ham o‘zining go‘zal tabiati, asrlarga tengdosh turli dov-daraxtlari bilan dunyo ahlini maftun etib kelgan. Afsuski, tevarak-atrofga nomaqbul munosabatimiz sababli uzoq yillar borliq ko‘z o‘ngimizda to‘zib, dov-daraxtlar tanazzulga yuz tuta boshladi. Chunki, ona tabiat in’om etgan noyob bu ne’matlarni o‘ylamay ko‘kka sovurishga odatlandik. Bog‘larga xususiy mulk maqomi berilishi ham dov-daraxtlar qo‘porilishiga olib kelib, Surxon vohasida ilgari kuzatilmagan “o‘tin bozor”larini paydo qildi. Zero, атрофимизни o‘rab turgan bu turfa olamning har bir ne’mati inson uchun yaratilganini, cheksiz-chegarasiz, bepoyondek tuyulgan bu zaminda hamma narsa o‘lchovli ekanini o‘ylamay qo‘ydik. Buyuk ajdodlarimizning tabiatdan foydalanishda tejamkor bo‘lishga, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikka uqtiruvlari mazmun-mohiyatini esdan chiqargandek bo‘ldik.

Prezidentimizning bevosita g‘oyasi bilan boshlangan “Yashil makon” umummilliy loyihasi kech bo‘lsa-da, bu xatolarni tuzatishga, duch kelayotganimiz turli ekologik noxushliklar girdobidan chiqishga, cho‘llanish, ekotizimlar yemirilishi, o‘rmonlar kamayishi, iqlim o‘zgarishi, tuproq, havo, suv ifloslanishi kabi holatlarni o‘nglashga qulay muhit, katta imkoniyat yaratdi.
Davlatimiz rahbarining 2021 yil 30 dekabrdagi “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qila boshladi. Shunga muvofiq Surxondaryo viloyatida ham keng qamrovli chora-tadbirlar belgilanib, yashil boyliklarni kengaytirishga, tevarak-atrofni bog‘-rog‘larga burkashga e’tibor kuchaytirildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi boshlangach, o‘tgan besh yilda vohada 42 million tupdan ortiq ko‘chat ekildi. Loyihaning birgina joriy yil bahor va kuzgi mavsumlari uchun 16 million 28 ming tup mevali, manzarali daraxt va buta ko‘chatlarini o‘tqazish rejalashtirilib, dastlabki mavsumda o‘n million 25 ming tup ko‘chat qadaldi.
– Mamlakatimizda shu paytgacha ham har yili ko‘chat o‘tqazilardi, – deydi viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Urunov. – Biroq, bu yumushning ega-kesimi yo‘q edi. Endilikda sohada ishlarni tashkil etishning aniq moliyaviy manbalari, ko‘chat ekish davrlari, maydonlari belgilab berildi. “Yo‘l xaritalari” tuzilmoqda. Masalan, bu yil bahorgi mavsumda asosan viloyat hududidagi avtomobil va temir yo‘l bo‘yida ihotazorlar tashkil etishga e’tibor qaratildi. Shunga ko‘ra, vohadagi M-39 “Olmata-Bishkek-Toshkent-Termiz” xalqaro avtomobil yo‘lining Termiz, Angor, Muzrabot hamda Sherobod tumanlari hududidan o‘tuvchi 61 kilometr qismiga manzarali daraxt ko‘chati ekish bo‘yicha aniq reja ishlab chiqildi. Mazkur yo‘l yoqalab ikki tomonlama 300 ming tupga yaqin ko‘chat o‘tqazildi. Shuningdek, M-41 xalqaro avtomobil yo‘li atrofida ham ko‘chat ekish ishlari amalga oshirildi.
Vohada ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari jarayonida yangi harakatlar bo‘y ko‘rsatib, tomchilatib sug‘orish tizimlari barpo etilmoqda, tabiatga mehr-muhabbat yuksalmoqda. Xususan, M-39 xalqaro avtomobil yo‘li atrofidagi 122 kilometr maydonda sug‘orish tizimi tashkil etildi. Buning uchun 32 ta sug‘orish hovuzlari qurilib, yomg‘irlatib sug‘orish yo‘lga qo‘yiladi.
– Loyiha doirasida “Mening bog‘im”, “Yashil bog‘”, “Yashil belbog‘”lar yaratilayotgani ham quvonarlidir, – deya suhbatni davom ettiradi Bahodir Urunov. – Birgina o‘tgan kuzgi ko‘chat ekish mavsumida hududi 17,8 gektar bo‘lgan 9 ta “Yashil bog‘”lar tashkil etildi. Viloyat hududida atrof-muhitga ta’sir xavfi bo‘yicha 85 ta yirik sanoat korxonasi atrofida 500 ming tup ko‘chat o‘tqazilib, “Yashil belbog‘” yaratildi. Joriy kuzgi mavsumda yana 300 ming tup ko‘chat ekiladi. “Ochiq byudjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida “Mening bog‘im” loyihasi bo‘yicha hududi 22,5 gektar bo‘lgan 14 ta jamoat bog‘i yaratildi.
Umummilliy loyiha viloyatda cho‘llanish, qurg‘oqchilik, chang-qum bo‘ronlari va harorat ko‘tarilishining oldini olishga qaratilgan tashabbusni ham ilgari surdi. Shu maqsadda Termiz, Jarqo‘rg‘on, Angor tumanlarini bog‘lovchi 15ming gektar hududni egallagan “Kattaqum” massivida yashil qoplamali himoya o‘rmonzorlarini barpo etishga kirishilib, o‘tgan davrda 80 tonna saksovul urug‘i, 100 ming tup saksovul ko‘chati ekildi. Jarqo‘rg‘on tumanida barpo etilgan “Yangi O‘zbekiston” massiviga tutash bo‘lgan 350 gektar cho‘l hududda ham saksovulzorlardan iborat yashil qoplama tashkil etildi.
Joriy yilning kuzgi ko‘chat ekish mavsumida “Afg‘on shamoli” hamda qum bo‘ronlariga qarshi Termiz tumani hududida 37 gektar bo‘lgan 4,5 kilometr masofada yashil belbog‘ tashkil etish uchun 16 ming tupdan ortiq daraxt, 3 ming tupdan ziyod buta ko‘chati ekish mo‘ljallanmoqda. Har yili ekilgan ko‘chatlar “yashil makon” elektron platformasiga kiritib borilayotgani, ekilgan ko‘chatlarning parvarishiga mas’ul shaxslar dalolatnoma asosida biriktirilayotgani ham loyiha tom ma’noda umumxalq harakatiga aylanganini namoyon etayotir.
Mutaxassislarning aytishicha, hali ham ko‘chat o‘tqazishda iqlim sharoitini, sug‘orish manbalarini hisobga olish va ekilayotgan ko‘chatlarni parvarishlashda kamchiliklar yo‘q emas. Misol uchun, shu yilning o‘zida mas’ul shaxslarning bee’tiborligi sababli 23 ming 635 tup ko‘chat qurib qolgan. Mazkur holat yuzasidan 55 ta mansabdor shaxsga nisbatan tegishli chora ko‘rilgan. Ayrim hududlarda hududning iqlim sharoiti o‘rganilmasdan ko‘chat ekilishi, ko‘chat ekish jarayonida sug‘orish tizimi mavjud bo‘lmagan hududlarga ko‘chat ekilgani ham ne-ne umidlar bilan qadalgan nihollarning qovjirab qolishiga olib kelmoqda.
Viloyatda loyihaning joriy yil kuzgi mavsumida bu muammolarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ham aniq vazifalar belgilab olinayotgani, sho‘r va qurg‘oqchil hududlarga mos ko‘chatlar ekish ko‘zda tutilayotgani ahamiyatlidir. Zotan, vohani yashil boyliklarga burkash nabotot olamini boyitishga, chegara bilmas, hudud tanlamas ekologik muammolarni yumshatishga xizmat qiladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri