Oddiygina kundalik turmushimizdan hosil bo‘ladigan chiqindi bilan bog‘liq muammolar zanjir bo‘lib, suv, tuproq, atmosfera kabi asosiy tiriklik unsurlariga ulkan zarar yetkazuvchi xavf manbaiga aylandi. Tabiatdan bizga in’om etilgan suvni esa allaqachon beqadr ne’matlar safiga qo‘shib qo‘yganmiz. Dunyo tajribasiga nazar tashlansa, aholi tomonidan chiqindilarni qayta ishlash orqali ekologik muammolarga biroz yechim topilmoqda.
Shu bilan birga mavjud qonunchilikka ko‘ra, sohada to‘lov intizomini mustahkamlash maqsadida chiqindi bo‘yicha to‘lovlar elektr energiyasi to‘lovlari tizimi bilan bog‘lab qo‘yildi. Mazkur tizimning yo‘lga qo‘yilishi bilan aholi tomonidan to‘lovlar miqdori bir oy ichida 20 foizga oshib, debitor qarzdorlik keskin kamayishiga erishildi.
Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi direktori Sharifbek Hasanov chiqindini qayta ishlash orqali ekologik muammolarni qisqartirish masalalari xususida o‘z fikrlarini bildirdi.
– Mamlakatimizda xususiy sektorning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish ularni xar tomonlama qo‘llab-quvvatlash ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu jumladan, bugungi kunga kelib sanitar tozalash xizmatlarini ko‘rsatish 70 foiz xususiy sektor tomonidan amalga oshirilmoqda. Sanitar tozalash xizmatlari uchun aholi tomonidan to‘lovlarni amalga oshirishda qulaylik yaratish va debitor qarzdorliklarni qisqartirish, elektron to‘lov tizimida iste’molchilar to‘g‘risida to‘liq va aniq ma’lumotlarga ega bo‘lish uchun “Toza makon” billing elektron davlat axborot tizimining dasturiy ta’minoti ishlab chiqildi hamda mazkur tizim Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, bojxona va chegara organlari, Kadastr agentligi, “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati ma’lumotlar bazasi hamda “Elektron hukumat” dasturi bilan integratsiya qilindi.
Shuningdek, 2024 yil 1 apreldan boshlab qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun mavjud qarzdorlik bartaraf etilganidan keyin notarial harakatni amalga oshirish va qarzdorlik to‘g‘risida SMS xabarnoma yuborish tizimlari yo‘lga qo‘yildi. Yangi tizim bir qator elektron to‘lov tizimlari bilan integratsiya qilindi.
Sir emaski, shu paytga qadar tibbiyot chiqindilarining poligonga tashlanishi oqibatida atmosfera havosiga 400 ming tonna issiqxona gazi hamda 43 ming tonna sizot suvi ajralgan. Bu esa aholi o‘rtasida turli kasalliklar keltirib chiqargan. Endilikda tibbiyot chiqindilarini yoqish orqali muqobil issiqlik energiyasi ishlab chiqarish borasida AQSHning “Sayar” kompaniyasi bilan 115 million AQSH dollari miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.
Ushbu loyihaning amalga oshirilishi bilan 1,5 milliard so‘mga yaqin byudjet mablag‘lari tejalib, hosil bo‘layotgan zararli gazlar, aholi o‘rtasida turli kasalliklar soni keskin qisqaradi. Shu bilan birga, Birlashgan Arab Amirliklarining “Tadweer”, Xitoy Xalq Respublikasining “China CAMC Engineering” va “Shanghai SUS Environment” hamda Rossiya Federatsiyasining “EkoVektor” kompaniyalari bilan aniq kelishuvlarga erishilib, umumiy qiymati 320 million AQSH dollari miqdorida investitsiya olib kirilishi kutilmoqda.
2024-2026 yillarda qattiq maishiy chiqindilarni saralash tizimini bosqichma-bosqich tashkil etish maqsadida respublika bo‘ylab hududlarda 2 tadan jami 28 ta ekologik toza materialdan tayyorlangan, quyosh paneli o‘rnatilgan va barcha sharoitlarga ega chiqindi to‘plash shoxobchalari tashkil etilib, unda chiqindilarni “qayta ishlanadigan”, “qayta ishlanmaydigan” va “oziq-ovqat” toifalariga ajratgan holda saralab yig‘ish hamda sanitar tozalash korxonalari tomonidan sotib olish tajribasi yo‘lga qo‘yildi.
Yil boshidan buyon jami 230 ta kuzatuv kamerasi o‘rnatilib, yil yakuniga qadar ularni 300 taga yetkazish rejalashtirilgan. Joriy yilning ayni kuniga qadar ushbu kameralarda 11 mingta xuquqbuzarlik holati qayd etildi. Aholi murojaatlarini tezkorlik bilan hal etish maqsadida chiqindi masalalariga doir 1205 hamda 1275 qisqa raqamlarga ega call-markaz faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Birinchi yarim yillikda jami 1 ming 529 ta qo‘ng‘iroq kelib tushgan.
Shuningdek, 2024 yil 1 apreldan boshlab qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun mavjud qarzdorlik bartaraf etilganidan keyin notarial harakatni amalga oshirish va qarzdorlik to‘g‘risida SMS xabarnoma yuborish tizimlari yo‘lga qo‘yildi. Yangi tizim bir qator elektron to‘lov tizimlari bilan integratsiya qilindi.
Aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish, chiqindilarning o‘z vaqtida olib chiqib ketilishini ta’minlash maqsadida sanitar tozalash korxonalari tasarrufidagi mavjud jami 4 ming 194 ta avtotransport vositasidan 3 ming 450 tasiga GPS qurilmalari o‘rnatildi. Endilikda mazkur GPS qurilmalari markazning billing tizimiga bog‘lanishi natijasida ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun asossiz to‘lovlar hisoblanishining oldi olinib, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarning mas’uliyati yanada oshiriladi.
Sanitar tozalash xizmatlari bilan aholi qamrov darajasini oshirish maqsadida joriy yil Osiyo taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan umumiy qiymati 6,4 million AQSH dollariga teng 67 ta texnika sanitar korxonalariga lizing shartlari asosida foydalanishga topshirildi. Shu bilan birga, markaz tomonidan umumiy qiymati 20,4 milliard so‘m bo‘lgan 30 ta texnika sanitar korxonalariga lizing shartlari asosida foydalanishga topshirildi.
Insonlarga ta’sir etuvchi eng katta tashqi omil bu tabiat ekanini barchamiz yaxshi anglaymiz. Afsuski, chegara bilmas ekologik muammolar kelib chiqishiga ham insoniyatning o‘zi sababchi. Shunday ekan, o‘zimizda ekologik muammolarga bo‘lgan daxldorlik hissini oshirib, xonadonimizdan chiqadigan va qayta ishlanadigan chiqindilarni saralash orqali islohotni avvalo o‘zimizdan boshlaylik.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA