English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chayqalayotgan Fransiyada yangi Bosh vazir saylandi
19:51 / 2025-09-10

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron mudofaa vaziri Sebasten Lekornyuni Bosh vazir etib tayinladi. Yelisey saroyi seshanba oqshomida e’lon qilgan bayonotda aytilishicha, hukumatning yangi rahbari parlamentdagi siyosiy kuchlar bilan maslahatlashib, byudjet qabul qilish va muhim qarorlar bo‘yicha kelishuvga erishish vazifasini zimmasiga olgan.

Avval ham ushbu lavozimga asosiy nomzod sifatida tilga olingan Lekornyu iste’foga chiqqan Fransua Bayruning o‘rnini egalladi. Mazkur muhim o‘zgarish mamlakatni falaj qilishni ko‘zlagan keng ko‘lamli norozilik namoyishi arafasida e’lon qilindi.

Yashillar partiyasi rahbari Marin Tondele Makronni partiyalar bilan maslahatlashmasdan Bosh vazir tayinlashda ayblab, “javob ko‘chalarda beriladi” dedi.

Chap qanot yetakchisi Jan-Lyuk Melanshon ijtimoiy tarmoqda “faqat Makronning ketishigina parlament va saylovchilarga nisbatan hurmatsizlik komediyasini tugatishi mumkin”, deya yozuv qoldirdi.

O‘ng radikal yetakchi Marin Le Pen esa “Prezident oxirgi o‘qini otyapti” deya istehzo qildi va bo‘lajak muddatidan oldingi saylovda o‘z partiyasi vakili Jordan Bardella hukumat tepasiga kelishini ta’kidladi.

Lekornyu avvalo mamlakat byudjeti bilan bog‘liq muammoni hal qilishi kerak. Fransiyaning davlat qarzi 3,3 trillion yevroga yetgan. Bu yalpi ichki mahsulotning 114 foiziga teng. O‘tgan yil kamomad 5,8 foizni tashkil etib, Yevropa Ittifoqi belgilagan 3 foizlik chegaradan qariyb ikki barobar oshgan.

Bayru kursini tark etishidan oldin xarajatni 44 milliard yevroga tushirish rejasini ilgari surdi, ammo bu taklif parlamentda yetarli qo‘llab-quvvatlanmadi. Endi bu masalani hal etish Lekornyu zimmasida qolmoqda.

Musulmon Ziyo, O‘zA