Chavandozlarimizning shashti baland
Joriy yilgi sport mavsumi chavandozlarimiz uchun muvaffaqiyatli boshlanganidan xabaringiz bor. 2024 yilning ilk kunlaridanoq turli mamlakatlarda o‘tgan xalqaro turnirlarda ot sporti bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari birin-ketin shohsupaga ko‘tarilmoqda.
O‘tgan haftaning so‘nggi kunlarida ham ikki chavandozimiz – Xurshidbek Alimjonov va Bekzod Qurbonov nufuzli musobaqada shohsupaga ko‘tarildi.

Jumladan, Rossiyaning Moskva viloyatida ot sportining konkur yo‘nalishi bo‘yicha “Maxima Master Team” musobaqasining uchinchi bosqich bellashuvlarida qatnashgan Xurshidbek Alimjonov “Champions League” laqabli tulporida 135 sm balandlikdagi to‘siqlardan sakrab o‘tib, bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Ot sportining konkur yo‘nalishida Birlashgan Arab Amirliklarining Sharja shahrida tashkil etilgan “CSIO 4*” tasnifidagi xalqaro musobaqada esa Bekzod Qurbonov “Santos Hippika” laqabli tulpori bilan 140 sm balandlikdan sakrab o‘tib, oltin medal sohibiga aylandi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA