Rossiyaning Moskva viloyatida joylashgan “Vivat Rossiya” ot sporti klubida o‘tgan xalqaro musobaqada mamlakatimiz chavandozlari e’tiborli natijalarga erishdi.
Rossiya, Belarus, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistondan sara chavandozlar ishtirok etgan nufuzli turnirning 145 santimetr balandlikdagi to‘siqlardan sakrash dasturida Azam Tolibboyev “Bozart De Ruet” laqabli tulporida ikkinchi, Bekzod Qurbonov esa “Matts” bilan uchinchi o‘rinni egalladi.
Musobaqaning 125 santimetr balandlikdagi to‘siqlardan sakrash yo‘nalishida Bahromjon Gaziyevga (“Ledi”) teng keladigani topilmadi.
Musobaqaning so‘nggi kunida Joker bilan 110 smdan sakrash yo‘nalishida Humoyun Abdullayev “Golden star” tulpori bilan uchinchi o‘rindan joy olgan bo‘lsa, 130 santimetr to‘siqdan iborat o‘rta aylana dasturida Xurshidbek Alimjonov “Chempions Ligas” bilan eng yaxshi natijani qayd etdi, deyiladi Milliy olimpiya qo‘mitasi xabarida.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA