Chavandozlarimiz Rossiyada shohsupaga ko‘tarildi
Rossiyada ot sportining konkur yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilayotgan xalqaro turnirda o‘zbek chavandozlari ham muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.
Jumladan, musobaqaning 140 sm. balandlikdagi to‘siqlardan ot sakratishda Xurshid Olimjonov oltin medalga sazovor bo‘ldi.

Shuningdek, chavandozimiz 115 sm. toifasidagi bellashuvda kumush medalni qo‘lga kiritdi. Musobaqaning 130 sm. yo‘nalishida hamyurtimiz Oqil Sobirjonov kumush medaliga ega chiqqan bo‘lsa, 145 sm. balandlikdagi to‘siqlar osha sakrashda Bekzod Qurbonov “Santos Hippica” laqabli tulporida kumush, “Matss V.G” nomli otida bronza medali bilan taqdirlandi.
Ma’lumot o‘rnida: Moskvada konkur bo‘yicha o‘tgan Yevroosiyo ligasi musobaqasida Bekzod Qurbonov, Akbar Sharipov va Xurshidbek Olimjonovdan iborat terma jamoamiz umumjamoa hisobida uchinchi pog‘onadan joy olgan edi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA