Moskvada yakuniga yetgan "Maxsima Masters Eurasia Cup 2023" musobaqasining har bir kunida sovrinli o‘rinlardan joy olgan O‘zbekiston terma jamoasi vakillari so‘nggi kun dasturida ham muvaffaqiyatli qatnashdi, deya xabar bermoqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.
Hamyurtimiz Xurshidbek Alimjonov “Bozart De Ruet” laqabli tulpori bilan Gran-pri yo‘nalishida g‘olibona yurishini davom ettirdi. U 145 santimetrli to‘siqlardan o‘tishda 1-o‘rinni egalladi. Ushbu dasturda qatnashgan yana bir sportchimiz A’zam Tolibboyev to‘rtinchi pog‘onadan joy oldi.

Xalqaro turnirning 120-130 santimetr balandlikdagi 19 ta to‘siqdan sakrash yo‘nalishida Xurshidbek Alimjanov “Kornets Krek” laqabli tulporda ham o‘z g‘alabasini tantana qildi. 130 sm. balandlikdagi to‘siqlardan sakrash dasturida “Leo King” laqabli tulporida harakat qilgan Bekzod Qurbonov uchinchi o‘rinni egalladi.


Moskva turniridan alohida tarzda Yekaterinburgda o‘tgan “Maxsima Masters Eurasia Cup” ot yo‘rttirish turnirida qatnashgan terma jamoamiz a’zosi Alena Derevyanko 2-o‘rindan joy olganligi O‘zbekiston chavandozlarining Rossiya musobaqalaridagi o‘ziga xos muvaffaqiyati bo‘ldi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA