Prezidentimizning tegishli qaroriga muvofiq, o‘tgan yili Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanidagi "Anorzor" mahallasida ot sportining "Polo", "Konkur", "Ot ustida kurash" va “Uloq ko‘pkari” turlariga ixtisoslashtirilgan "Chavandozlar maktabi" tashkil etilgan edi.
Maktabning faoliyat boshlaganiga hali ko‘p bo‘lmagan bo‘lsada, qo‘lga kiritilgan yutuqlar havas qilarli darajada. Bir qator tarbiyalanuvchilar respublika va xalqaro darajadagi musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, sovrindor bo‘ldi.
Jumladan, joriy yilda Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida o‘tkazilgan Jahon chempionatida Xolbek Sultonov ot ustida kurash yo‘nalishida faxrli 3-o‘rinni egalladi. Ayni vaqtda maktabda 35 zotdor ot parvarishlanmoqda. 232 nafar ot sportini sevuvchi yoshlar mashg‘ulotlarda qatnashmoqda. Bu yerda, shuningdek, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi Sirdaryo mintaqaviy filiali tarbiyalanuvchilarini tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish maqsadida "Ippoterapiya markazi" faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan.
Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev kuni kecha mazkur muassasada bo‘lib, sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Turli musobaqalarda yuqori natija qayd etgan yoshlar bilan suhbatlashib, ularni taqdirladi. Shuningdek, maktab jamoasiga otlarni tashishga moslashtirilgan maxsus “Isuzu” rusumli avtotransport vositasi sovg‘a qilindi.
Sh.Suyarov,
Sh.Ortiqboyev (surat), O‘zA