Poytaxtimizda joylashgan «Universal Horses Stables» ot sport klubida konkur bo‘yicha o‘tkazilgan «FEI Jumping World Challenge» musobaqasi 3-bosqichida g‘olib va sovrindorlar nomi aniqlandi.
Mazkur musobaqaning birinchi bosqichida “A” toifasida chavandozlar 120-130 sm. balandlikdagi to‘siqlardan ot sakratdi. Unda Mariya Dushenko “Losino's Boy” laqabli otida g‘olib chiqqan bo‘lsa, “V” toifasidagi 110-120 sm. balandlikdan ot sakratishda Yormuhammad Fozilxo‘jayev “Acdarius” nomli tulporida birinchi o‘rindan joy oldi.
“S” guruhida esa 100-110 sm. balandlikdagi to‘siqdan ot sakratishda Javohir O‘rinboyev “Champion” ismli otida zafar quchdi.
Ikkinchi bosqich bahslarida Akbar Sharipov “Affir”, Yormuhammad Fozilxo‘jayev “Acdarius”, Viktoriya Vipritskaya “Beethoven” oti bilan o‘z yo‘nalishida birinchi bo‘ldi.
Uchinchi bosqichda esa kutilganidek Akbar Sharipov yana “Affir” laqabli otida eng yuqori pog‘onadan joy oldi. Ashrafxon Negmatov o‘z yo‘nalishida “Sweet and Sour” nomli tulporida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Shavkat Abdurashidov “Narletta A.V.” ismli otida barcha raqiblaridan ustun keldi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA