ChatGPT foydalanuvchi 18 yoshga to‘lmaganidan shubhalanganda, undan pasport orqali shaxsini tasdiqlashni so‘ray boshladi. Tekshiruvdan o‘tmaguncha tizim “faqat kattalar uchun” deb belgilangan mavzularni muhokama qilish imkoniyatini cheklaydi. Ayrim holatlarda bu talab hatto voyaga yetgan foydalanuvchilarga ham qo‘llanilmoqda — ulardan biri 30 yoshda bo‘lsa-da, tasdiqlash so‘ralganini bildirgan.
OpenAI mazkur funksiyaning bosqichma-bosqich joriy etilayotganini va hozirda asosan ingliz tilida so‘zlashuvchi hududlarda sinov tariqasida qo‘llanilayotganini tasdiqladi. Kompaniyaga ko‘ra, yangilikdan maqsad yoshga oid cheklovlarga rioya etish hamda voyaga yetmaganlarni nomaqbul kontentdan yanada samarali himoya qilishdir.
Shuningdek, OpenAI pasport ma’lumotlari xavfsizlik talablariga to‘liq rioya etilgan holda qayta ishlanishini ma’lum qildi: ma’lumotlar shifrlangan tarzda uzatiladi, faqat yoshni tasdiqlash uchun qo‘llanadi va hujjatlar ochiq ravishda saqlanmaydi.
Ushbu yangilik auditoriya tomonidan turlicha qabul qilindi. Ayrim foydalanuvchilar tashabbusni raqamli xavfsizlikni kuchaytirishga qaratilgan mantiqiy qadam sifatida baholagan bo‘lsa, boshqalar mexanizmning ortiqcha va ayrim hollarda noto‘g‘ri ishlashini ta’kidlab, asossiz cheklovlarga duch kelayotganini tanqid qilmoqda.
OpenAI ta’kidlashicha, tekshiruvning hozirgi talqini sinov xarakteriga ega. Kompaniya foydalanuvchilarning fikr-mulohazalarini o‘rganib, yoshni tasdiqlashning muqobil usullari — jumladan, bank kartalari yoki elektron raqamli identifikatorlardan foydalanish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/z8nZzUbZGXs" title="ChatGPT’da yangi tartib" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Madinabonu Nasriyeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA