FOTOREPORTAJ
Mamlakatimizda yoshlar, ayniqsa xotin-qizlarning iqtidorini rivojlantirish va ularni har tomonlama rag‘batlantirish davlat siyosatida ustuvor yo‘nalishga aylangan. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti esa iste’dodli, bilimli va tashabbuskor qizlarning mehnatini yuksak qadrlash ramzi sifatida ahamiyatli sanaladi.
Bugungi kunda ushbu mukofot sohiblari turli sohalarda faoliyat yuritib, yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda. Shulardan biri – poytaxtlik Charosxon Maratova.
Ch. Maratova bolaligidan musiqa va chet tillariga qiziqish bilan shug‘ullanib, ota-onasining qo‘llab-quvvatlashi tufayli nafaqat san’at, balki til o‘rganishda ham yuksak natijalarga erishdi. Bugun u o‘zbek, rus, ingliz, koreys va yapon tillarini mukammal biladi. Turli millat va madaniyat vakillari bilan erkin muloqot qilish, xalqaro tajriba almashish uning shaxsiy va kasbiy kamolotiga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, Charosxon fortepianoda mahorat bilan kuy chaladi. 2014-yil Parijda o‘tkazilgan Nikolay Rubinshteyn nomidagi xalqaro fortepiano tanlovida 3-o‘rinni egallashi uning san’at sohasidagi salohiyatini namoyon qildi. 2015-yilda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanishi esa unga yanada ulkan maqsadlar sari intilish uchun ilhom berdi.
2019-yilda Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining koreyevedeniye fakultetiga davlat granti asosida qabul qilingan Charosxon koreys tili filologiyasi va pedagogikasi yo‘nalishida tahsil oldi. Talabalar almashinuv dasturi orqali Janubiy Koreyada bir yil davomida ta’lim oldi va xalqaro tajriba orttirdi.
Xorijdagi tahsil unga nafaqat bilim, balki keng dunyoqarash va mustaqil fikrlash tajribasini berdi. Shu bilan birga, yurtimizda yoshlar, ayniqsa xotin-qizlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarning ahamiyatini yanada teran angladi.
[gallery-27938]
Bugungi kunda u xalqaro “Cenomi Retail” kompaniyasida kadrlar bo‘yicha yetakchi mutaxassis sifatida faoliyat yuritmoqda. Kompaniya Inditex tarmog‘iga kiruvchi Zara, Zara Home, Massimo Dutti, Oysho, Stradivarius, Pull&Bear va Bershka kabi brendlarning faoliyatini rivojlantirishda ishtirok etadi.
Shu bilan birga, Puchon universitetining ta’lim menejmenti yo‘nalishi magistratura bosqichida tahsil olib, ilmiy izlanishlar, maqolalar va tezislar ustida muntazam ish olib bormoqda.
Ch. Maratova uchun yutuq – faqat shaxsiy muvaffaqiyat emas, balki yurti oldidagi mas’uliyatdir. U O‘zbekiston fuqarosi ekanidan faxrlanadi va bilim hamda tajribasi bilan mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishni o‘zining asosiy maqsadi deb biladi.
Kamola Yusupova,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA