Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Charm sanoatidagi islohotlar (+video)
18:58 / 2024-02-03

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida charm-poyabzal sanoatiga 30 dan ortiq nufuzli xorijiy brendlarni jalb qilish hisobiga qo‘shilgan qiymatni 5 barobarga oshirish reja qilingan.

Bugungi kunda sohada terini qayta ishlashdan tortib undan qo‘shilgan qiymatli, raqobatbardosh va eksportbop tayyor mahsulot olishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar qamrab olingani e’tiborga molik. “O‘zcharmsanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi  500 dan ortiq poyabzal fabrikalari tomonidan bir yilda o‘rtacha 280 million juft poyabzal ishlab chiqarish imkoni mavjud.

Jumladan, 2023 yil yakuni bilan uyushma korxonalari tomonidan salkam 250 million juft poyabzal ishlab chiqarilishi ta’minlangan. Ushbu davrda 500 dan ortiq yangi modeldagi poyabzal mahsulotlarini ishlab chiqarish  yo‘lga qo‘yildi. 

- So‘nggi yillarda hukumatimiz tomonidan berilayotgan yordam natijasida charm-poyabzal sohasidagi korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlari oshmoqda, mahsulot sifati yaxshilanib, yangi eksport bozorlariga kirib bormoqdamiz, - deydi “O‘zcharmsanoat” uyushmasi bo‘lim boshlig‘i Shohsulton Mirzayev. – Xitoy davlatining ham tajribasini o‘rganmoqdamiz. Chunki, G‘arbning juda ko‘p mashhur brendlari ishlab chiqarishni ushbu davlatda joylashtirgan. Bugungi kunda Xitoy korxonalari bilan muzokaralar olib borib, ularni O‘zbekistonga olib kelish, brendlarni taklif qilish va Yevropa bozorlariga eksportni oshirishni maqsad qilganmiz.

Davlatimiz rahbarining 2023 yil 11 oktyabrdagi “Charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalarida islohotlarni yanada jadallashtirish va sohaning eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2024–2026 yillarda charm-poyabzal sanoatini yanada rivojlantirish va xorijiy brendlar bilan hamkorlikni o‘rnatish dasturi tasdiqlandi.

Bugun yurtimiz charm sanoati Markaziy Osiyodagi eng ko‘p ishlab chiqarish quvvatiga ega, yirik eksportyor davlat maqomiga erishdi. O‘zimizdagi xomashyodan tashqari, qo‘shni davlatlardan ham terini xarid qilib, uni qayta ishlashdek salohiyatga ega tarmoq vujudga keldi.

Muhimi, O‘zbekiston bosqichma-bosqich Markaziy Osiyoda teri xom-ashyosidan tayyor charm, jelatin, protein va boshqa mahsulotlarni chuqur qayta ishlash bo‘yicha katta markazga aylanib bormoqda. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/OyGOYSRwVGc" title="Charm sanoatidagi islohotlar" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Sanjar Toshpo‘latov, Nishonboy Abduvoyitov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA