Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chaqqon va mohirlar g‘alaba qozonadi
21:17 / 2025-12-31

Yashil maydondagi har bir g‘alaba tasodif emas. Uning ortida muntazam mashg‘ulot, murabbiyning puxta rejasi, yosh sportchining intizomi va mahoratga bo‘lgan chanqoqligi mujassam.

Shu ma’noda Sirdaryo viloyati hokimligi ishchi guruhining Yangiyer shahar sport maktabida o‘tkazgan o‘rganishlari futbol va boshqa sport turlarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

O‘rganish jarayonida sport maktabida faoliyat olib borayotgan trenerlarning mashg‘ulotlarni tashkil etish darajasi, o‘quv-mashg‘ulot rejalarining amaliyotdagi ijrosi, o‘quvchilarning jismoniy tayyorgarligi, shuningdek, sportchilarning intizomi va xavfsizlik qoidalariga rioya etilishi holatlari atroflicha tahlil qilindi. Ishchi guruh a’zolari mashg‘ulotlar jarayonini bevosita kuzatib, murabbiylar bilan suhbatlar o‘tkazishdi.

Shuningdek, sport maktabida mavjud moddiy-texnik baza, sport anjomlarining holati, sport inshootlaridan foydalanish samaradorligi ham ko‘zdan kechirildi. Ayniqsa, futbol bilan shug‘ullanayotgan yoshlarda chaqqonlik, tezkor fikrlash va jamoaviy o‘yin madaniyatini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Mazkur jarayonlarga munosabat bildirgan O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining Sirdaryo viloyati ijrochi direktori Bahodirxo‘ja Eshonov futbolning yoshlar tarbiyasidagi o‘rnini alohida ta’kidladi:

— Futbol — bu faqat o‘yin emas, balki sabr, intizom va jamoaviy tafakkur maktabidir. Yoshlar sport maktablarida to‘g‘ri tizim asosida tarbiyalansa, ulardan kelajakda nafaqat mahoratli futbolchilar, balki jismonan baquvvat, ma’nan yetuk avlod voyaga yetadi. Har bir mashg‘ulot  ertangi g‘alabalarga qo‘yilgan qadamdir.

O‘rganish yakunida ishchi guruh tomonidan mashg‘ulotlar sifatini yanada oshirish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, iqtidorli yoshlarni sportga keng jalb etish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi. Shuningdek, trenerlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy mahoratini oshirish hamda sportchilar uchun munosib shart-sharoitlar yaratish yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.

Ta’kidlash joizki, bunday izchil o‘rganishlar Sirdaryo viloyatida futbol va ommaviy sportni rivojlantirish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish hamda kelajak chempionlarini tarbiyalashga xizmat qiladi. Zero, yashil maydonda g‘alaba tasodif emas, u chaqqonlik, mahorat va tinimsiz mehnat samarasidir.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri