French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Chaqmoq”da ishlab chiqarish kengaymoqda
17:45 / 2014-11-25

Jizzax tumanidagi “Chaqmoq” fermer xo‘jaligida kuniga 2,2 tonna sut qayta ishlanib, to‘qqiz xil mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Tayyor mahsulot 32 maktabgacha ta’lim muassasasi va viloyat bozorlariga yetkazib berilayotir.

Jizzax tumanidagi “Chaqmoq” fermer xo‘jaligida kuniga 2,2 tonna sut qayta ishlanib, to‘qqiz xil mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Tayyor mahsulot 32 maktabgacha ta’lim muassasasi va viloyat bozorlariga yetkazib berilayotir.

Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligini tubdan isloh qilish, ayniqsa, fermerlik harakatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bundan samarali foydalanayotgan fermerlar ilg‘or innovatsion texnologiyalarni joriy etib, mahsulot yetishtirish va uni qayta ishlashni ham yo‘lga qo‘yayotir.

Prezidentimizning 2012-yil 22-oktabrda qabul qilingan “O‘zbekistonda fermerlik faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish va uni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Yoqub Hakimov rahbarlik qilayotgan “Chaqmoq” fermer xo‘jaligi keyingi uch yilda 26,5 tonna go‘sht, 172 tonna sut, 46,2 ming dona tuxum sotib, 625 kilogramm pilla yetishtirdi.

Tadbirkor ko‘ptarmoqli xo‘jalik yuritish usulini qo‘llab, chorvachilik va parrandachilikni ham yo‘lga qo‘ydi. Chorva fermalaridagi mahalliy o‘g‘itni to‘liq dalaga solish hisobidan tuproq unumdorligini oshirdi.

Chorvachilikni rivojlantirish uchun mustahkam ozuqa bazasi zarurligini yaxshi bilgan fermer 45 gektar maydonda g‘alla, makkajo‘xori va beda ekib, yaxshi hosil olmoqda.

– Davlatimiz rahbari tomonidan fermerlik harakatini rivojlantirish, uning moliyaviy mustaqilligi, iqtisodiy barqarorligini ta’minlash, yangi texnika va texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish borasida ko‘rsatilayotgan e’tibordan foydalanib, chorvachilik, parrandachilikdan olingan mahsulotlarni qayta ishlashni yo‘lga qo‘ydik, – deydi fermer. – Xorijdan sutni qayta ishlash uskunalari keltirib, kichik korxona tashkil qilganimiz xo‘jalik iqtisodiyotini ko‘tarish imkoniyatini kengaytirdi. Bugungi kunda boshqa fermer xo‘jaliklaridan ham sut sotib olib, qayta ishlamoqdamiz.

Xo‘jalikning keyingi ikki yildagi sof daromadi 123,5 million so‘mni tashkil etdi. Daromad hisobidan 3 traktor, 2 tirkama, xashak o‘rish agregati sotib olindi. Qo‘ra va qo‘tonlar kapital ta’mirlandi.

Izlangan imkon topar, deganlaridek, Hakimovlarning oilaviy fermer xo‘jaligi ham barcha imkoniyatlardan samarali foydalanmoqda. Xususan, 5 gektar maydonda issiqxona tashkil qilib, 10 nafar yoshni ish bilan ta’minladi. O‘zi yashayotgan mahalladagi kam ta’minlangan oilalarga sigirlar berdi, Jizzax shahridagi 8-umumta’lim maktabini joriy ta’mirlashga yordam ko‘rsatdi. Mahalladagi Chorvador ko‘chasiga 1,2 kilometr gaz quvuri tortib, 10 xonadonning tabiiy gaz bilan ta’minlanishiga hissa qo‘shdi.

Fermer bu yil xo‘jalikni rivojlantirish maqsadida yana bir yangi loyihaga qo‘l urdi. Viloyat naslchilik birlashmasi orqali 30 bosh sigir, 10 bosh zotli buqa sotib olib, xo‘jalik negizida “Chaqmoq zamin” va “Chaqmoq plyus” fermer xo‘jaliklarini tashkil etdi. “Chaqmoq zamin” fermer xo‘jaligi tashkil etilganidan buyon o‘tgan uch oyda aholiga 2,5 tonna sut, 2 tonna go‘sht sotildi.

Oilaviy fermerlar issiqxona va parrandachilikdan ham yaxshi daromad olmoqda. Tarmoqning ko‘payishi, ishlab chiqarishning kengayishi hisobidan yangi ish o‘rinlari soni ham oshmoqda.

Yozda ozuqa bazasini mustahkamlashga erishgan fermer shu kunlarda chorva qishlovini muvaffaqiyatli o‘tkazmoqda. Qayta ishlash korxonasi tarmog‘ini yanada rivojlantirish va mahsulotlarni xorijga eksport qilishni rejalashtirmoqda.