Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik muammolari o‘rganildi
22:06 / 2021-04-23

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari o‘z faoliyati davomida qonun ijodkorligi bilan birga turli sohalarda nazorat-tahlil ishlarini ham amalga oshiradi.

Yaqinda parlament quyi palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zolari va mutasaddi vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruhi Toshkent shahri, Buxoro, Surxondaryo va Toshkent viloyatlaridagi umumta’lim maktablarida chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qitilishi va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash sohasida olib borilgan ishlarni joyiga chiqqan holda o‘rganib qaytdi.

Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazida mazkur o‘rganishlar, o‘tkazilgan nazorat-tahlil tadbiri yakunlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

– Konstitutsiyamizning 52-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish har bir fuqaroning burchidir va fuqarolar qonunda belgilangan tartibda harbiy xizmatni o‘tashga majburdirlar, — dedi yig‘ilishda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Solihov. — Ma’lumki, harbiy xizmatga chaqiriladigan fuqarolarni harbiy xizmatga tayyorlash masalalari “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonun bilan tartibga solinadi. 

Ushbu qonunga muvofiq, chaqiriluvchilarni harbiy xizmatga tayyorlashning tashkil etilishi, amalga oshirilishi va natijalarini nazorat qilib borish, chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlikni uslubiy jihatdan ta’minlash Mudofaa vazirligi, shuningdek, ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar tomonidan amalga oshiriladi.Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik o‘quv dasturidagi majburiy fan bo‘lib, umumta’lim maktablarida va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida chaqiruvga qadar tayyorgarlik o‘qituvchilari tomonidan bitirish yili arafasidagi kurslardan yoki sinflardan boshlab o‘tiladi. 

Ishchi guruhimiz a’zolari Toshkent shahri, Buxoro, Surxondaryo va Toshkent viloyatlaridagi umumta’lim maktablarida bo‘lib, chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qitilishi holati, muammo va kamchiliklarni batafsil o‘rganishdi. Bundan tashqari, “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quvchilar bilan chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani bo‘yicha mashg‘ulotlar samaradorligini hamda chaqiruv yoshidagi fuqarolarning tayyorgarlik darajasini baholash yuzasidan so‘rovnoma o‘tkazildi.

Tadbirda chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik ta’limini malakali mutaxassislar bilan ta’minlash holati ko‘rib chiqildi.

– Mamlakatimizda 2017 yildan boshlab 11 yillik ta’lim joriy etildi, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zosi Tavakkal Choriyev.— Shu munosabat bilan so‘nggi uch yilda chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik ta’limini takomillashtirish, rivojlantirish, malakali mutaxassislar bilan ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratildi. Hozir Buxoro davlat universiteti, Farg‘ona davlat universiteti, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti va 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab boshqa bir qator oliy ta’lim muassasalarida ushbu fan bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi. 

Oxirgi uch yil davomida ushbu oliygohlarda “chaqiriqqacha harbiy ta’lim” yo‘nalishini tamomlab, ofitser unvoniga ega bo‘lgan 767 nafar mutaxassis tayyorlangan.Respublikamizdagi 9 ming 896 ta umumta’lim maktabida yuqori sinflardagi o‘quvchi-yoshlarga chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani 9670 nafar o‘qituvchi tomonidan o‘qitilmoqda. Bulardan “chaqiriqqacha harbiy ta’lim” yo‘nalishi bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarni tugatgan o‘qituvchilar 38 foiz, haqiqiy harbiy xizmatdan rezerv yoki iste’foga bo‘shatilgan ofitserlar 24 foiz, shartnoma asosida jalb etilayotgan mutaxassislar 5,8 foizni tashkil etmoqda.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, ishchi guruhi a’zolarining o‘rganishlari davomida ushbu fan bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazayotgan o‘qituvchilarning17 foizi nomutaxassis kadrlar, ya’ni boshqa fan o‘qituvchilari ekanligi ma’lum bo‘ldi.Bu, ayniqsa, Jizzax, Sirdaryo, Surxondaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida yuqori ko‘rsatkichni tashkil etadi.

Muhokamalarda chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fanining moddiy-texnik ta’minoti, o‘quv xonalarini jihozlash, shuningdek, darslik, o‘quv-metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlash masalalarida qator muammolar mavjudligiga ham e’tibor qaratildi.O‘rganilgan hududlar orasida Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatidan tashqari qolgan hududlarda zarur vositalar, qurol-yarog‘lar bilan ta’minlanganlik holati qoniqarsiz. 

Xususan, Buxoro viloyatidagi 3-, 7-, 14 va 16-umumta’lim maktablari, Surxondaryo viloyatidagi 15-, 16-, 17- va 48-maktablar o‘quv qurol-yarog‘i hamda tibbiy anjomlari bilan yetarli darajada ta’minlanmagan.Bundan tashqari, o‘rganishlar davomida ayrim maktablarda chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarning o‘tkazilishi uchun to‘siqlar yo‘lagi mavjud emasligi,borlari ham eskirib qolgani bois amaliyotda qo‘llash xavfsizlik talablariga to‘liq javob bermasligi ayon bo‘ldi.

Majlisda “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi xodimi Marat Hojimuhammedov o‘quvchilar bilan chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani bo‘yicha mashg‘ulotlar samaradorligini hamda chaqiruv yoshidagi fuqarolarning tayyorgarlik darajasini baholash yuzasidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari bilan tanishtirdi. Qayd etilganidek, 2 ming 192 nafar yosh orasida o‘tkazilgan sotsiologik tadqiqotlar natijalari chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fanini o‘qitish bilan bog‘liq bir qator jiddiy va tizimli muammolar mavjudligini ko‘rsatadi.

Majlis yakunida qo‘mitaning chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fanini mutaxassis kadrlar bilan ta’minlash, o‘quv xonalari moddiy-texnik bazasini yaxshilash, o‘quv-dala mashg‘ulotlarini o‘z vaqtida tashkil etish va o‘tkazish hamda sohaga taalluqli me’yoriy-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalar ijrosiga oid tegishli qarori qabul qilindi. Sohadagi mavjud kamchilik va muammolarni bartaraf etish masalasi doimiy parlament nazoratida bo‘lishi ta’kidlandi.

Muhtarama Komilova, O‘zA